Parijdagi uylardan birida sherlar, leopardlar tulumi va timsoh boshi topildi, deb xabar bermoqda Associated Press axborot agentligi.
Fransiyalik rasmiylarning aytishicha, tulumlar musodara qilingan va Parij milliy tarix muzeyiga yetkazilgan. Parij bojxona xizmatining aytishicha, topilmalar qo‘riqlanuvchi jonzotlarning oxirgi vaqtdagi eng yirik musodarasi bo‘ldi.
Hayvonlar Afrikada 1980-yillarda o‘ldirilgan va shu vaqtdan beri Bezanson shahri yaqinidagi uylardan biri boshqa o‘nlab noyob hayvon turlarining tulumi bilan saqlangan. Hayvonlar uy egasining marhum otasi tomonidan o‘ldirilgan.
Ma'lum qilinishicha, hayvonlar o‘lik bo‘lishiga qaramasdan, ular yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi tabiat va o‘simlik turlarini xalqaro savdosi haqidagi Vashington konvensiyasi bilan himoyalangan. Tulumlar 16 fevralda muzeyga olib borilgan.
"Bu hayvonlar juda chiroyli, ajab va qimmatli jonzotlardir", deb aytdi fransuz bojxonasi boshlig‘i Yelena Krokuevelli.
Krokuevellining aytishicha, topilgan tulumlar har yili fransuz bojxonasi tomonidan musodara qilinadigan yuzlab noyob hayvonlarning kichik bir qismini tashkil qiladi. Bojxonachilar brakonerlar tomonidan noqonuniy olingan karkidon va fil shoxlarini ham ko‘plab topishadi. Bu shoxlar maydalanib, xalq dorilari tayyorlashda ishlatiladi.
"Bunday savdo qurol-aslaha va giyohvand moddalar savdosidan ko‘ra ko‘proq daromad keltiradi", deb ta'kidlab o‘tdi Krokuevelli.
Noqonuniy kolleksiya egasi bo‘lgan ovchining o‘g‘liga jarima solindi.