"Fenerbahche" muxlislari Istanbulda "Lokomotiv" jamoasi avtobusiga hujum uyushtirdi

Sport 21:01 / 16.02.2016 7348

Yevropa Ligasining nimchorak finalida "Fenerbahche"ga qarshi o‘yinni o‘tkazish uchun Turkiyaning Istanbul shahriga kelgan Rossiyaning "Lokomotiv" jamoasi futbolchilari mingan avtobus mahalliy muxlislar tomonidan toshbo‘ron qilindi.

Bu avtobusda futbolchilardan tashqari murabbiylar shtabi vakillari hamda bir qancha moskvalik muxlislar bo‘lishgan.

"Bizni 100 nafar turkiyalik politsiyachi qo‘riqlab borayotgandi. Lekin bu foydasiz bo‘ldi, stadionga kirish vaqtida mahalliy muxlislar avtobusimizga toshlar otishdi. Toshbo‘ron 20 soniya davom etdi. Keyin politsiyachilar bezorilarni tarqatib, ularning ayrimlarini hibsga ola boshladi", deya ma'lumot bergan voqea joyidagi rossiyalik muxbirlardan biri.

Bundan oldinroq, Rossiya Futbol Ittifoqining ijroiya qo‘mitasi vakili hamda Rossiya Davlat dumasi deputati Igor Lebedev Turkiya hukumati "Lokomotiv" jamoasi futbolchilari va rossiyalik muxlislarning xavfsizligini ta'minlash uchun barcha choralarni ko‘rgani haqida ma'lum qilgandi.

Shuningdek, "Fenerbahche" jamoasi rahbariyati o‘z muxlislaridan futbolga siyosatni aralashtirmaslikni va o‘yin vaqtida siyosiy shiorlar aytmaslikni so‘ragan.

O‘yin vaqtida rossiyalik muxlislar joylashadigan sektor Turkiya politsiyasi halqasi bilan o‘rab olinadi.

TASS nashri xabariga ko‘ra, stadion oldida rossiyalik muxlislarning avtobusiga hujum qilinishi to‘xtatib qolingan.

"Fenerbahche" va "Lokomotiv" uchrashuvi Istanbul shahridagi "Shukur Sarajo‘g‘li" nomli stadionda 16 fevral kuni, Toshkent vaqti bilan soat 22:00da boshlanadi.

"Fenerbahche" "Lokomotiv"ga qarshi o‘yin arafasida o‘z muxlislaridan futbolga siyosatni aralashtirmaslikni so‘radi

Ko‘proq yangiliklar: