15 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, Beruniy nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasining a'zosi, O‘zbekiston Falsafa jamiyatining prezidenti, falsafa fanlari doktori, professor Said Shermuhamedov olamdan o‘tdi. Bu haqda uning shogirdlari feysbukda ta'ziyanoma qoldirishgan.
"Ustoz Said Shermuhamedov respublikada falsafa fani rivojiga, ilmiy-pedagogik kadrlar – fan nomzodlari va doktorlari tayyorlashga salmoqli hissa qo‘shdi. Said Shermuhamedov falsafada o‘ziga xos ilmiy maktabga, jumladan, ijtimoiy falsafa, madaniyat tarixi va nazariyasi bo‘yicha fundamental ilmiy maktablarga asos soldi.
Bir qancha ulkan falsafa anjumanlarida qilgan ma'ruzalari, matbuot sahifalaridagi chiqishlari, tayyorlagan ko‘plab pedagogik kadrlari tufayli Said Shermuhamedovning nomi nafaqat o‘z vatanida, hattoki, Rossiya, Fransiya, Misr, Yaponiya, Keniya, Kanada, Meksika, Hindiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Afg‘oniston, Kipr, Nikaragua, Polsha, Bolgariya, Singapur, Shimoliy va Janubiy Koreya, Eron, Turkiya hamda boshqa ko‘plab xorij mamlakatlarida ham ma'lum va mashhurdir.
Said Shermuhamedov qariyb 60 yil ilmiy-pedagogik faoliyat olib bordi. Domlaning hayotiy a'moli, birdan bir ezgu maqsadi – Insonga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, millat, xalq manfaatlarini himoya qilish, falsafa fani, madaniyat va ma'naviyatni rivojlantirish, vatan ravnaqi uchun xizmat qilish va xalq farovonligini oshirish bo‘lgan edi. Zero, olimning vatandoshlari, yaqin va uzoq xorijdagi faylasuf do‘stlari hamda ixlosmandlari uning ana shu olijanob fazilatlarini bag‘oyat qadrlashar edi.
Said Shermuhamedov 1930 yilning 12 mayida Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanida tavallud topgan. Alisher Navoiy nomidagi Samarqand davlat universitetida o‘qidi, u 1959 yilda nomzodlik, 1973 yilda esa doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Ibrohim Mo‘minov nomidagi Falsafa va huquq institutida etika va estetika bo‘limi mudiri, ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasi KP MK madaniyat bo‘limi mudiri, respublika Maorif vaziri, Qori Niyoziy nomidagi pedagogika ilmiy-tadqiqot institutida direktor lavozimlarida faoliyat ko‘rsatdi. U Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida 1985-2000 yillarda falsafa kafedrasining mudiri, 2000-2015 yillarda esa professor vazifasida ishladi.
Said Shermuhamedovning tashabbusi bilan 1999 yilda falsafiy masalalarga bag‘ishlangan «Ma'naviyat, Madaniyat. Ijtimoiy taraqqiyot» mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazilib, unda AQSh, Angliya, Rossiya, Bolgariya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi mamlakatlardan faylasuf olimlar ishtirok etishdi va mustaqil bo‘lganiga 8 yil to‘lgan yurtdagi ma'naviy yangilanish jarayonlari bilan tanishishdi. U xalqaro ilmiy aloqalarni rivojlantirish, hozirgi zamon o‘zbek falsafasining g‘oyalari bilan jahon hamjamiyatini tanishtirish maqsadida «Ma'naviy madaniyat va ijtimoiy taraqqiyot» (Vashington, 2000) ilmiy to‘plamini nashr qilishga erishdi. Said Shermuhamedov monografiyaning kirish so‘zi va «O‘zbekistonda falsafiy tadqiqotlar» mavzusidagi birinchi bobining muallifi bo‘lishi bilan bir qatorda uning mas'ul muharriri sifatida ham faoliyat ko‘rsatdi.
Said Shermuhamedovning «Yangilanayotgan jamiyatga – yangi falsafa» (1993), «Biz qanday jamiyat qurmoqdamiz?» (1999), «Inson falsafasi» (2001), «Istiqlol quyoshi» (2002), «Mustaqil O‘zbekiston va falsafaning rivojlanishi» (2005), “Milliy g‘oya ijtimoiy taraqqiyotning qudratli kuchi” (2010), “Qalbim izhorlari” (2010), “Ehtirom” (2015) singari rus va o‘zbek tillarida nashr etilgan boshqa ko‘pgina asarlari jamiyatimizning tarixiy taraqqiyot yo‘lini bozor iqtisodiyoti sharoitida haqqoniy aks ettiradi.
Muallif o‘zining «O‘zbek falsafasi» nomli asarida o‘zbek falsafasining milliy xarakterini asoslashga harakat qiladi, yurtimiz olimlarining jahon falsafasining shakllanishi va rivojlanishidagi o‘rni hamda bu g‘oyalarning hozirgi kunda inson, millat, xalq, jamiyat hayotidagi mavqeini ko‘rsatadi. Ayni paytda o‘zbek falsafasi hozirgi zamon jahon falsafasining tarkibiy qismi hisoblanishini alohida ta'kidlaydi.
Olimning ustoz va shogirdlarga, shuningdek, do‘stlariga bo‘lgan sadoqati hamda ehtiromi ibrat olishga arzigulik. U ustozi Ibrohim Mo‘minovich Mo‘minovning xotirasini doimo yodda saqlar edi. Shu bois Ibrohim Mo‘minovning 90 yillik, 100 yillik yubileylarini o‘tkazishda faol ishtirok etdi. Bu inson o‘z ustoziga bag‘ishlab turli yillarda 20 dan ziyod maqola va risola chop ettirdi. Uning tashabbusi bilan Buxoro viloyati Shofirkon tumanining Tezguzar qishlog‘idagi Ibrohim Mo‘minov nomli maktabda ustoz hayoti, ilmiy-pedagogik va jamoatchilik faoliyatiga oid muzey tashkil qilindi.
Said Shermuhamedov ilmiy-tadqiqot sohasidagi ko‘p qirrali, samarali faoliyati, ilmiy-pedagogik kadrlarni, fan nomzodlari va doktorlari tayyorlash sohasidagi katta xizmatlari, olib borayotgan ijtimoiy faoliyati uchun 4ta orden, 4ta medal, hukumat, vazirlik va idoralarning faxriy yorliqlari bilan munosib taqdirlangan.
Jahon Falsafa Jamiyatining prezidenti, professor Ioanna Kuchuradi: «Said Shermuhamedovning har bir ma'ruzasi o‘zbek yurtida ajdodlarga munosib vorislar tarbiyalanayotganining yorqin dalili, u XX asr o‘zbek falsafasining mashhur olimlaridan biridir», deb e'tirof etadi.
Said Shermuhamedov – Jahon Falsafa jamiyatining faxriy a'zosi. U taqlid qilishga loyiq faylasuf, kamtarinlik, bag‘rikenglik, samimiylik olim hayotining mazmunidir. Rossiya Falsafa jamiyatining Birinchi vitse-prezidenti, «Vestnik Rossiyskogo filosofskogo obshchestva» («Rossiya falsafa jamiyatining axborotnomasi») jurnalining bosh muharriri, falsafa fanlari doktori, professor N.A.Chumakov: «Men unda yirik olim, katta hayot tajribasiga ega barkamol insonni ko‘rdim, bu xislatlar menda unga nisbatan katta hurmat tuyg‘usini uyg‘otdi, bundan tashqari, men unda odamlarga nisbatan pok munosabat, samimiylik va katta g‘amxo‘rlik hissi mavjudligini sezdim», deb olimning insoniylik fazilatlarini alohida e'tirof etadi.
Said Shermuhammedov 3 nafar farzandni tarbiyalab voyaga yetkazdi. Ayni paytda domlaning 8 nafar nabirasi voyaga yetmoqda. Bundan tashqari, Said Shermuhamedov ilmiy rahbarligida 13 nafar fan doktori, 67 nafar fan nomzodi dissertatsiyasini muvafaqqiyatli himoya qilib, bugun yurtimiz hamda jahon ilm-faniga xizmat qilishmoqda. Binobarin, bu shogirdlarning 4 nafari chet el fuqarolaridir. Domla, bundan tashqari, 21 nafar fan doktori va 39 nafar fan nomzodiga rasmiy opponentlik qilgan edi. Ayni vaqtda domlaning bevosita ilmiy rahbarligida 31 nafar tadqiqotchilar doktorlik dissertatsiya ustida izlanish olib borayotgan edilar. Ustoz o‘z ilmiy faoliyati davomida 14ta monografiya, 43ta risola, 600dan ziyod ilmiy va ilmiy-ommabop maqolalar yozdi.
Said Shermuhamedov va u kishining ajoyib turmush o‘rtoqlari, oliyjanob inson Muhabbatxon Shermuhamedova uzoq va sermazmun yo‘lni bosib o‘tishdi. Garchi ustoz bu olamdan ko‘z yumgan bo‘lsalar-da, u zotning tabarruk nomi, nurli chehrasi yaqinlar va shogirdlar qalbida doim saqlanib qolajak", deyiladi