15 fevral kuni Moskvaga tashrif buyurgan Eron Mudofaa vaziri Husayn Dehqon rossiyalik hamkasbi Sergey Shoygu va Rossiya hukumati raisi o‘rinbosari Dmitriy Rogozin bilan uchrashib, harbiy sohadagi hamkorlik masalalarini muhokama qiladi. Bu haqda «Kommersant'» nashrida yozilgan.
Xabarda aytilishicha, eronlik vazir Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin bilan ham uchrashishni rejalashtirgan.
Manbaning ma'lumotiga ko‘ra, rasmiy Tehron Moskvadan jami 8 mlrd dollarlik mablag‘ga harbiy texnika va qurol sotib olishni mo‘ljallagan. Bu boradagi Eron harbiylari tomonidan yo‘llangan ro‘yxat Kremlda o‘rganib chiqilayotgani aytilmoqda.
Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, Eron Rossiyadan Su-30SM rusumli harbiy qiruvchi samolyotlari, Yak-130 rusumli harbiy-o‘quv samolyotlari, Mi-8 va Mi-17 rusumli vertoletlar, «Bastion» raketa majmualari, fregatlar va suvosti kemalari xarid qilmoqchi.
Qayd etilishicha, ikki mamlakat o‘rtasidagi harbiy hamkorlikning kengaytirilishiga ikki omil to‘siq bo‘lishi mumkin. Birinchi navbatda, rasmiy Tehron qurollarni kreditga olmoqchi, Rossiya esa mavjud iqtisodiy inqiroz tufayli bunga rozi bo‘lishi qiyin. Bundan tashqari, BMTning Xavfsizlik kengashi №2231 raqamli rezolyutsiyasiga ko‘ra, 2020 yilgacha Eronga qurollar yetkazib berish bo‘yicha cheklov o‘rnatilgan. Shu tufayli Rossiya Eronning taklifiga rozi bo‘lsada, qurollarning bir qismini ko‘rsatilgan muddatgacha yetkazib berishi mumkin bo‘lmaydi.
Bundan oldinroq, Rossiya TIV Eronning raketa dasturiga xotirjamlik bilan munosabatda bo‘lishi haqida aytilgandi.