Janubiy Amerikaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar yo‘qligi uchun O‘zbekiston fuqarolarining Zika virusi xastaligiga chalinishi darajasi past. Bu haqda RIA «Novosti» O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirligi vaziri o‘rinbosari Saidmurod Saidaliyevga tayanib xabar tarqatdi.
«Zika virusi hozirgi vaqtda O‘zbekistonda qayd qilingani yo‘q. Respublika mazkur virus ommaviy ravishda tarqalayotgan Janubiy Amerika mamlakatlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvoz qilmaydi», — deya Saidaliyevdan iqtibos keltiradi manba.
Vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonga bu yo‘nalishdagi sayyohlarning oqimi ham yuqori darajada emas. Bu ham «virus tarqalishi ehtimoli pasaytiradi».
«O‘tkir respiratorli infeksiyalar va gripp virusining keng tarqaluvchi mavsumi paytida mamlakatda tibbiy nazorat o‘rnatiladi va aeroport hamda chegaradan o‘tuvchi barcha hududlar kerakli uskunalar bilan ta'minlanadi», — deydi Saidaliyev.