Janubiy Qozog‘iston viloyatidagi kollejning barcha o‘qituvchilari ishdan bo‘shatildi. Bunga matematika o‘qituvchisining baholarni savdolashgani sabab bo‘lgan. Bu haqida Tengrinews.kz xabar berdi.
Bu voqea joriy yilda Tyulkubassk agrobiznes va turizm kollejida sodir bo‘lgan. Ma'lum bo‘lishicha, ta'lim muassasasi matematika o‘qituvchisi Nurjamal Janbosinovani 11 fevral kuni Qozog‘iston Respublikasi Mehnat kodeksining 52-moddasiga binoan ishdan bo‘shatgan. Shundan so‘ng kollejda Janubiy Qozog‘iston viloyati Ta'lim boshqarmasi vakillari ham tekshiruv o‘tkazgan.
"Komissiya xulosasiga ko‘ra, kollej direktori Bakit Dauletov, shuningdek, bo‘lim boshliqlari J.Kilibayeva va T.Bekturovlar ishdan bo‘shatildi. Bundan tashqari, Qozog‘iston Respublikasi Mehnat kodeksining 64-moddasiga binoan, kollejning bo‘lim boshliqlari K.Seyitjapparova hamda Z.Urazbayevalarga qattiq hayfsan berildi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz imtihon paytidagi baho savdosi jarayoni talabalar tomonidan tasvirga olinib, ijtimoiy tarmoqlarga tarqatib yuborilgandi. Videotasvirda pedagogning imtihon uchun 2000 tanga, baholar daftarchasi uchun 1500 tanga narx belgilagani aks etgan. Stependiya chiqqandan so‘ng, pul berishni va'da qilib, qarzga baho qo‘yish so‘ralganida, ayol rad javobini beradi. Ma'lum bo‘lishicha, mazkur o‘qituvchi 27 yildan buyon ta'lim sohasida faoliyat yuritib kelgan.