"O‘zbekiston havo yo‘llari" milliy aviakompaniyasi mart oyi oxirida Toshkentdan Rossiyaning Voronej shahriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlarni amalga oshirishni boshlaydi. Bu haqda "Voronej" xalqaro aeroporti matbuot xizmati xabar tarqatgan.
Ma'lum qilinishicha, parvozlar Boeing va Airbus samolyotlari vositasida amalga oshiriladi.
"O‘zbekiston havo yo‘llari" vakili ma'lumotiga ko‘ra, Voronejdan Toshkentgacha reys uchun chipta narxi 11 ming rubl bo‘ladi.
"Haftaning dushanba kunlari Voronej aeroportidan Boeing 757 (250 o‘rinli), payshanba kuni esa Airbus A-320 (180 o‘rinli) samolyotlari uchadi. Qatnovlar 2016 yilning 28 mart kunidan boshlanadi", deyilgan xabarda.
Qayd etish kerakki, o‘tgan asrning 70-yillarida Voronej aeroportidan Toshkent shahriga haftasiga 3ta aviareys amalga oshirilgan, samolyotlar sig‘imi 100 kishigacha bo‘lgan. Ayni vaqtda Voronej viloyati o‘zbeklar soni bo‘yicha Rossiyadagi ikkinchi o‘rinda turuvchi viloyat hisoblanadi.
Ma'lumot uchun, "O‘zbekiston havo yo‘llari" MAK dunyoning 40dan ortiq shahriga – Yevropa va Osiyo, Amerika va Yaponiyaga muntazam asosda qatnovlarni amalga oshiradi. Dunyoning 25 mamlakatida aviakompaniya vakolatxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda.