Avstraliya politsiyasi xodimlari operatsiyasi natijasida bozordagi narxi 1,26 milliard dollarni tashkil etuvchi 720 litr kuchli ta'sir etuvchi narkotik – metamfetamin (“muz”, “ays”) musodara etilgan.
Bo‘lib o‘tgan matbuot konferensiyasida mamlakat federal politsiyasi rahbarlaridan biri Kris Shixanning ma'lumot berishicha, o‘tgan yilning dekabr oyida Gongkongdan kelgan siynabandlar uchun gelli qo‘shimchalar ortilgan konteyner huquqni muhofaza qilish organlari e'tiborini tortgach ushbu operatsiya rejasi tuzilgan.
Ma'lum bo‘lishicha, jinoyatchilar bu gelli qo‘shimchalarda 190 litr suyuq metamfetamin yashirishgan. Keyinroq tergovchilar Sidney shahrining chekkaroqlarida to‘rt joyda ham yuk terminallarida berkitilgan yashirin narkotik omborlari (taxminan 530 litr)ni fosh etdilar.
Politsiya metamfetaminni noqonuniy ishlab chiqarish va Avstraliyaga olib kirish aybi bilan asli gongkonglik bo‘lgan to‘rt odamni hibsga oldi.
“Bugun huquqni muhofaza qilish organlari uchun juda yaxshi kun, narkotik bilan shug‘ullanuvchi uyushgan jinoyatchilar uchun esa juda yomon kun” –dedi Astraliya adliya vaziri (bosh prokuror o‘rinbosari) Maykl Kinan.