O‘zbekistonlik yoshlar #BoburDay heshtegini trendga olib chiqdi

Jamiyat 18:35 / 14.02.2016 4763

Twitter foydalanuvchilari Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 533 yilligiga bag‘ishlangan #BoburDay heshtegini trendga olib chiqdi.

Aktsiya 14 fevral kuni soat 14:00dan start olishi oldindan ma'lum qilinganiga qaramay, Toshkent vaqti bilan 07:30dan boshlab nafaqat O‘zbekistondagi, balki xorijda ta'lim olayotgan o‘zbekistonlik internet faollari #BoburDay heshtegi ilova qilingan ko‘plab tvitlarni yozishga kirishdi.

«Hashtags.org» sayti ma'lumotlariga ko‘ra, soat 14:00gacha heshtegdan foydalangan holda 49 ming, keyingi bir soatda esa 72 400 ta tvit yozilgan.

#BoburDay heshtegi ishtirokida Twitter’da 300 mingga yaqin, Facebook va Instagram ijtimoiy tarmoqlarida esa 150 mingdan ortiq postlar qoldirilgan. Aktsiya davomida ijtimoiy tarmoqlarda 5 millionga yaqin fikr, mulohaza va munosabatlar bildirilgan.

Ushbu aksiyada O‘zbekiston bilan birga dunyoning 20 dan ortiq mamlakatlaridan ishtirokchilar qatnashdi. O‘zbekistonlik talaba yoshlar tashabbusini taniqli san'atkorlar, kino va teatr aktyorlari qo‘llab-quvvatlab turdi.

Eslatib o‘tamiz, o‘zbekistonlik Twitter foydalanuvchilari bungacha ham bir necha bor, xususan, 2012 yili O‘zbekiston Mustaqilligining 21 yilligi arafasida #uzb21, 2013 yili Mustaqillikning 22 yilligi arafasida #uzb22, 2014 yili o‘zbekistonlik FIFA referisi Ravshan Ermatovga bag‘ishlangan #IrmatovBest, 2015 yilning 28 avgustida #Uzb24, 2016 yilning 9 fevral kuni A.Navoiy tavalludiga atalgan #Navoiy575 heshteglarini jahon trendiga olib chiqqandi.

Ko‘proq yangiliklar: