Maoshlarning o‘z vaqtida to‘lanmasligi ish beruvchilar yo‘l qo‘yadigan qoidabuzarliklar orasida birinchi o‘rinni egalladi

Jamiyat 19:48 / 14.02.2016 11776

O‘zbekistonda 2015 yilda o‘tkazilgan nazorat tadbirlari natijalariga ko‘ra, ish haqining o‘z vaqtida to‘lanmasligi mehnat qonunchiligining eng ko‘p uchraydigan qoidabuzarliklaridan biri bo‘ldi, deb xabar berdi O‘zbekiston Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining Davlat mehnat huquqi inspeksiyasidagi manba "Sputnik Uzbekistan" nashri muxbiriga.

2015 yilda inspeksiya tomonidan hammasi bo‘lib 6 mingga yaqin tekshiruv o‘tkazilgan va mehnat qonunchiligining 12 mingga yaqin qoidabuzarligi aniqlangan. Agentlik suhbatdoshining aytishicha, maoshlarning o‘z vaqtida to‘lanmasligi bilan bir qatorda eng ko‘p uchraydigan qoidabuzarliklarga ish beruvchi tomonidan mehnat shartnomasining bir tomonlama noqonuniy bekor qilinishi va mavjud bo‘sh ish joylari bo‘yicha ishga olmaslik kiradi.

"Bizning ma'lumotlarga ko‘ra, ish beruvchilar tomonidan oylik maoshlarning to‘lanmasligining asosiy sababi tashkilotning hisob raqamida pul mablag‘larining yo‘qligi bo‘lmoqda. Shuningdek, bunday holatlar o‘z vaqtida xodimlariga maoshlarni hisoblash bo‘yicha zarur hujjatlarni imzolashni unutgan rahbarning e'tiborsizligi tufayli yuz beradi. Oyliklar to‘lanishining ushlanishiga, shuningdek, foyda olish maqsadida tashkilot yoki korxona tomonidan pullarning "aylantirilishi" yana bir sabab bo‘lmoqda", deb aytdi inspeksiya xodimi.

Manbaning ma'lum qilishicha, hammasi bo‘lib jismoniy va yuridik shaxslarning 4 mingga yaqin shikoyat va arizalari o‘rganib chiqilgan. Jumladan, maoshning o‘z vaqtida to‘lanmasligi bilan bog‘liq 1,3 mingta, mehnat shartnomalarining tugatilishi va bo‘sh o‘rinlar borligini yashirish bilan bog‘liq 300 taga yaqin murojaat ko‘rib chiqilgan. Barcha qoidabuzarlarga nisbatan ko‘rsatma va jarimalar ko‘rinishida ma'muriy jazo qo‘llangan. Natijada respublika bo‘yicha undirilgan jarimalar miqdori 1,5 mlrd so‘mdan ko‘proqni tashkil qildi.

O‘zbekistonda 2016 yilda 990 mingta yangi ish o‘rni tashkil qilish ko‘zda tutilgan hamda aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va mehnat muhofazasi bo‘yicha ishlar davom ettiriladi.

Ko‘proq yangiliklar: