"Liverpul"ning sobiq futbolchisi, ayni vaqtda jurnalist sifatida faoliyat ko‘rsatayotgan Jyeymi Karrager "Valensiya"ning rossiyalik futbolchisi Denis Cherishevni "Manchester Yunayted"ning sobiq futbolchisi Mark Robinsga qiyosladi.
Rossiyalik futbolchi 13 fevral kuni o‘tkazilgan o‘yinda "Espanol" darvozasiga gol urib, jamoaga kelganidan buyon primeroda g‘alabali o‘yin o‘tkazmagan Gari Nevillga ilk g‘alabani olib keldi.
26 yil oldin ham Mark Robins "MYu"ga kelganida muvaffaqiyatsiz start tufayli ishdan haydalish xavfi ostida qolgan Aleks Fergyusonni Angliya kubogining uchinchi bosqichida "Nottingem Forest" jamoasiga qarshi o‘yindagi g‘alaba keltirgan goli evaziga ishda olib qolgandi. Rahbariyat o‘shanda Fergyusonga oxirgi imkoniyatni bergan, Robinsning goli esa uni qutqarib qolgandi va ser Aleks Fergyuson 2013 yilgacha manchesterliklarni boshqardi.
Qayd etish kerakki, Ispaniya chempionatining 24 turi arafasida "Valensiya" rahbariyati Gari Nevillga "Espanol" ustidan g‘alaba qozonish shartini qo‘ygani, shart bajarilmasa uning iste'foga chiqarilishi haqida xabar tarqalgandi. Nevill "Valensiya" boshqaruviga kelgan 5 dekabrdan buyon jamoa bilan primeroning 9ta turida 4ta mag‘lubiyat va 5ta durang qayd etgandi.
"Denis Cherishev - Ispaniyadagi Mark Robins! A'lo ish bo‘ldi, Geri!", deb yozgan Karrager tvitterida.
Cherishevning goli «Valensiya»ga La Liganing keyingi 13 turdagi ilk g‘alabani olib keldi