"AvtoVAZ" LADA Xray modelini sotishni boshlaydi

Fan-texnika 11:04 / 14.02.2016 7618

"AvtoVAZ" kompaniyasi o‘zining yangi modeli LADA Xray’ni Rossiyada sotishni boshlaydi. Mashinalar 14 fevralda 57 ta shahardagi 124 ta dilerlik markazida har bir mintaqa uchun mahalliy vaqt bilan soat 11:00 da sotilishi boshlanadi.

Mashina eng kami bilan 16-20 ming dona, ko‘pi bilan esa 25 ming dona sotilishi kutilmoqda.

LADA Xray hozircha faqat Rossiyada savdoga chiqariladi, mart oyidan esa Vengriyaga eksport qilinishi boshlanishi mumkin. Mashina, shuningdek, Misr bozoriga ham jo‘natilishi ehtimoli bor. Avvalroq mashinani Italiya, Germaniya hamda Yaqin Sharq davlatlariga eksport qilish rejalari ma'lum qilingandi.

Kompaniyada Xray modeli KIA Rio xetchbeki, Hyundai Solaris, Renault Sandero Stepway kabi modellar bilan raqobatlashishi mumkinligi aytilmoqda.

Kompaniya 28 yanvarda Xray’ning turli komplektatsiyalari uchun narxlarni e'lon qilgandi. Modelning eng arzon varianti narxi 589 ming rublni, eng qimmatbaho varianti narxi esa 723 ming rublni tashkil qiladi. Mashinaning Optima deb ataluvchi bazaviy komplektatsiyaga 1,6 litrli, 106 ot kuchiga ega LADA motori, mexanik uzatmalar qutisi, ikkita frontal xavfsizlik yostig‘i, yo‘nalish barqarorligi tizimi ESC (ABS va buksovka qilishga qarshi tizimni o‘z ichiga oladi), yuqoriga harakatlanishda yordam beruvchi tizim, audiotizim, favqulodda ogohlantirish tizimi ERA-GLONASS va boshqa optsiyalar kirgan.

Kuchliroq motorga ega (110 ot kuchi) Xray varianti Comfort qo‘shimcha qurilmalar, jumladan o‘rindiqlarni isitish tizimi va konditsioner bilan jihozlangan hamda 628 ming rubldan taklif qilinadi. Xuddi shunday, biroq 122 ot kuchiga ega, 1,8 litrli motor va avtomatlashtirilgan transmissiya bilan jihozlangan varianti narxi 653 ming rublni tashkil qiladi.

Xray’ning flagman variantlari uchun Prestige paketi taklif qilinmoqda, u old oynani isitish tizimi, orqani ko‘rish kamerasi, klimat-kontrol, yomg‘ir va yorug‘lik datchiklari hamda oynalarning kuchaytirilgan tonirovkasini o‘z ichiga oladi. Bunday avtomobilning 1,6 litrli motor va mexanik uzatmalar qutisiga ega varianti 698 ming rubl, 1,8 litrli motor va avtomatik uzatmalar qutisiga ega varianti 723 ming rubldan sotiladi.

LADA Xray seriyali tarzda 2015 yilning 15 dekabridan ishlab chiqarila boshlandi. U o‘zidan SUV (yo‘ltanlamas) uslubidagi ixcham baland xetchbekni namoyon qiladi. Model "AvtoVAZ"ning Renault Nissan alyansi bilan hamkorligida yaratilgan. Yangi model uchun 500 dan ko‘proq original detallar yaratilgan.

LADA Xray loyihasi rahbari Oleg Grunenkovning ma'lum qilishicha, kompaniya 2016 yilda bunday mashinalardan 20 mingtadan ko‘proq chiqarmoqchi, vaholanki yig‘ish liniyasi yiliga 60 mingdan ko‘proq avtomobil chiqarishga qodir.

Ko‘proq yangiliklar: