"Barselona" hujumchisi Luis Suares "Liverpul" jamoasidagi sobiq sherigi, ayni vaqtda telekanal xodimi sifatida ishlayotgan Jyeymi Karragerga bergan intervyusida kataloniyaliklar jamoasiga moslashishi qanday kechgani haqida aytib o‘tdi.
"Aytsam, ishonmasliging mumkin. Futbolda va hayotda ham shunday tez o‘zgarishlar sodir bo‘lishi mumkin ekan. Men hamisha tanqidlar nishonida bo‘lgan yomon yigitdan muhim o‘yinlarda doimiy ravishda gol uradigan tartibli futbolchiga aylandim.
Hamisha vaziyatni o‘zgartirish uchun imkon bo‘ladi. Taqdir tinimsiz zarbalarga yo‘liqtirsa-da, men qayta oldim. Bu meni qanoatlantiradigan eng muhim jihatdir", deydi futbolchi.
- Sen "Barselona"dagi muhitga moslasha olmasliging mumkinligidan xavotir olganmiding?
"Ha. Avvaliga men "Barselona"ning asosiy tarkibiga bu qadar oson kiraman deb o‘ylamagandim. Jamoa tiki-taki uslubida o‘ynar, men uchun esa bunday uslubda erkin harakatlanish uchun hudud bo‘lmasligi yoqmas edi. Men tashvishda edim. Ammo Luis Enrikening meni "to‘qqizlik" hujumchi sifatida o‘yinga tushirishi va hujum chizig‘idagi sheriklarimning yordami menga o‘zimni qulay his qilishimda yordam berdi.
Mening Messi va Neymar bilan munosabatlarim a'lo darajada. Ular jamoani olg‘a boshlab yuradigan futbolchilardir. Shuningdek, bizda Inesta bor. Uning qandayligini men aytmasam ham hamma biladi. Bilasizmi, maydon tashqarisidagi munosabatlar maydondagi o‘yinga ta'sir ko‘rsatadi. Ular mening kelishimni xursandchilik bilan kutib olishgandi. Ular menga o‘zlariga raqobatchi sifatida qarashmagandi", deya javob beradi Suares.
- "Valensiya"ni 7:0 hisobida yengganlaringizda sen 4ta, Messi esa 3ta gol urdi. Neymar esa penaltidan gol ura olmagandi, u sizlarning gollaringizni xursandchilik bilan nishonladimi?
"Men ham o‘z imkoniyatlarimdan foydalana olmagan kunlar bo‘ladi. Biz hech qaysimiz bunday bo‘lishini oldindan rejalashtirib qo‘ymaymiz. Lekin o‘zimiz uchun omadsiz kechgan o‘yinlarda sheriklarimizning omadi keladi va biz birgalikda xursandchilik qilamiz.
Men Messiga ham, Neymarga ham hasad qilmayman. Bundan menga nima foyda? Bilasizmi, agar jamoaning kiyim almashtirish xonasida shunday holat bo‘lsa, bu natijalarga salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Men o‘z kuchimni yaxshi baholayman. Sheriklarimning ham imkoniyatlarini yaxshi bilaman. Biz barchamiz jamoa manfaati yo‘lida o‘ynamoqdamiz. Bilamiz, Messi oramizdagi eng kuchli futbolchi. U "Barselona"ga ko‘p g‘alabalar olib kelgan.
Qachondir jamoada futbolchilar bir-birlariga hasad qilib, bir-birlari bilan bahslashgan yoki janjallashishgandir. Lekin hozir bunaqa bo‘lishini tasavvur qilib ham bo‘lmaydi", deydi u.
- Seni oldinga boshlaydigan kuch nimada? Odamlarga Suares zo‘r o‘yinchi ekanini ko‘rsatib qo‘yishmi?
"Ha. Bilaman, ko‘pchilik futbol muxlislari xotirasida yomon futbolchi sifatida qolganman. Lekin men o‘tgan ishlarni o‘zgartira olmayman. Lekin meni yomon futbolchi sifatida eslab yurishlarini istamayman", deydi urugvaylik futbolchi.