FIFA prezidenti lavozimiga nomzod shayx Salmon kelishilgan o‘yinlarni tashkillashtirishga aloqadorlikda gumon qilinmoqda

Sport 20:00 / 13.02.2016 3945

Bahrayn futbol federatsiyasining sobiq rahbari, hozirda FIFA prezidenti lavozimiga nomzodlardan biri shayx Salmon ibn Ibrohim Al-Xalifa kelishilgan o‘yinlarni tashkillashtirishga aloqadorlikda gumon qilinmoqda.

2010 yilda singapurlik Uilson Raj Perumal Salmon va Bahrayn futbol federatsiyasi nomidan Togo terma jamoasi bilan o‘rtoqlik uchrashuvi tashkil etgan. Uchrashuv Bahraynning 3:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan, bu o‘yinda 5 ta gol ofsayd sababli bekor qilingan.

Uchrashuvdan keyin Togo jamoasi uchun o‘ynagan o‘yinchilar haqiqiy futbolchilar emas, balki qalloblar ekanligi ma'lum bo‘lgan. Togoning haqiqiy o‘yinchilari esa bu orada Botsvana bilan o‘tkazilgan uchrashuvdan so‘ng avtobusda uylariga qaytayotgan bo‘lganlar.

Perumal 1995 yil Singapurda va 2011 yilda Finlyandiyada kelishilgan uchrashuvlarni tashkillashtirgani uchun ikki marta qamoqda o‘tirgan. Perumalning o‘zi esa 2014 yil CNN telekanali efirida "faoliyati" davomida 100ga yaqin kelishilgan o‘yinlarni tashkillashtirgani, ular orasida jahon chempionatlarining saralash o‘yinlari darajasidagi kabilar ham bo‘lganini aytgan.

Shayx Salmon Perumal bilan aloqasi borligi haqidagi xabarni inkor etgan.

"Biz hech narsadan bexabar edik. Kimdir sizning yurtingizga Togo kabi termani olib kelsa, siz bu jamoani tanimaysiz. Men bu o‘yinchilarni qanday bilishim mumkin? Bu ma'lum bo‘lgandan keyin biz FIFA vakillari bilan bu qanday yuz berganini bilish uchun hamkorlik qilishni boshladik. FIFA agentga qarshi choralar qabul qilgan", deb aytmoqda Salmon.

Eslatib o‘tamiz, FIFA prezidenti lavozimiga saylovlar Tsyurixda 26 fevralda bo‘lib o‘tadi.

Ko‘proq yangiliklar: