Toshkent shahar hokimligida matbuot anjumani tashkil etildi. Unda “Toshshahartransxizmat” AK, Ichki ishlar bosh boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi, Avtomobil va daryo transporti agentligi shahar hududiy bo‘limi, Toshkent shahar Davlat soliq boshqarmasi, hokimlikning yo‘lovchi tashish transportining barcha turlarini litsenziyalash va muvofiqlashtirish departamenti hamkorligida tasdiqlangan keng qamrovli tadbirlar rejasi haqida so‘z bordi.
Rejaga ko‘ra o‘tkazilgan 310 ta reyd natijasida 9200 avtomobil vositasi tekshirilgan va 1850 ta qoidabuzarlik va kamchiliklar aniqlandi.
Davlat soliq inpektsiyalari tomonidan jami 163 ta qoidabuzarlik aniqlanib, ularni sodir etgan shaxslarga o‘rnatilgan tartibda choralar ko‘rildi.
Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari olib borgan o‘rganishlar oqibatida 18651 ta ma'muriy bayonnoma tuzilgan.
Matbuot anjumanida soha mas'ullari joriy yil fevral oyining 15 sanasidan e'tiboran poytaxt yo‘llaridagi bunday o‘rganishlar sonining keskin ravishda oshirilishini ta'kidladilar.