AQSh Federal Qidiruv byurosi agentlari Oregon shtati hududidagi qo‘riqxona binosiga kirib olgan qurollangan fermerlar bilan muzokara boshladi. Bu haqda The Oregonian nashri xabar bergan.
Ayni vaqtda bino zirhli mashinalar bilan o‘rab olingan. Bino ichida Ogayo, Nevada va Aydaho shtatlaridan bo‘lgan qurollangan namoyishchi fermerlar qolmoqda. FQB xodimbari ularni qurollarni tashlagan holda, qo‘l ko‘tarib, taslim bo‘lishga chaqirmoqda.
Fermerlardan biri biroz oldinroq, binodan chiqib ketgan, lekin tezda ortiga qaytgandi.
2 yanvar kuni fermer Kliven Bandi va uning uch o‘g‘li Oregondagi Malxer milliy qo‘riqxonasida boshqa tarafdorlari bilan birgalikda namoyish boshladi. Ular o‘rmonni yoqqani uchun ayblanib, hibsga olingan 2 fermer ozod qilinishini talab etishgan. Ularning fikricha, bu fermerlar ekin maydonlari uchun yangi yerlar ochishga harakat qilishgandi.
27 yanvar kuni maxsus kuchlar binoni qamal qilishdi va otishmalar chog‘ida fermerlardan biri Lavo Finik halok bo‘ldi. Shuningdek, Bandining ikkinchi o‘g‘li Rayan jarohatlandi. Uning katta o‘g‘li Ammon Bandi ham biroz qarshilik ko‘rsatganidan keyin 8 nafar namoyishchi bilan birgalikda hibs qilingan.
Biroz oldinroq, u ichkarida qolayotgan fermerlarni taslim bo‘lishga chaqirdi. Fermerlar esa o‘zlariga hech qanday ayblov e'lon qilinmasligi sharti bilan qurollarini topshirishlari mumkinligini bildirishgan.