O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasida pasport almashtirilishi munosabati bilan hech qanday sarosima kuzatilmayapti

Jamiyat 20:48 / 10.02.2016 7703

Rossiyaga doimiy yashash uchun kelgan O‘zbekiston fuqarolari eski namunadagi pasportni yangi biometrik pasportga almashtirish uchun sertifikat olishlari mumkin bo‘lgan O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi binosi oldida katta navbatlar kuzatilmayapti, pasportni almashtirish jarayoni odatiy tartibda o‘tmoqda, deb xabar bermoqda Sputnik nashri muxbiri.

Pastportni almashtirishni istovchilarga navbat tez siljiyotgani, hech qanday sarosima kuzatilmayotgani ma'lum qilindi.

Avvalroq bir qator OAVlarda O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi va konsullik xizmati binolari oldida O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligining biometrik pasportlarni rasmiylashtirish muddatlarini uzaytirmaslikka qaror qilgani sababli minglab odamlar to‘plangani haqida xabar paydo bo‘lgan.

O‘zbekistonda 2011 yildan boshlab eski namunadagi pasportlar yangi biometrik himoyaga ega pasportlarga almashtirilmoqda. Eski pasportlarning amal qilish muddati 2015 yilning dekabri oxirida yakunlanishi kerak edi, biroq bu muddatni 2018 yilning 1 iyuligacha uzaytirishga qaror qilindi.

Biroq bu imtiyoz faqatgina O‘zbekiston hududida yashovchilar va xorijga ketmoqchi bo‘lmaganlar uchun amal qiladi. Xorijga chiqmoqchi bo‘lganlar majburiy tartibda biometrik pasport olishlari shart.

Ta'kidlanishicha, eski pasportlar 31 dekabrdan amal qilmaydi, biroq ularni elchixonada bemalol, hech qanday jarimaga solinmagan holda almashtirish mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: