"Chelsi"ning belgiyalik yarim himoyachisi Eden Azar faoliyatini "Real"da davom ettirishi mumkin. Bu haqda jurnalist Eduardo Indi El Chiringuito de Jugones telekanali efirida aytib o‘tgan.
U ikki jamoa bu boradagi jarayonni boshlagani, Yevro-2016 turniridan keyin transfer amalga oshishi haqida aytgan.
25 yoshli bu futbolchi uchun madridliklar 25 mln yevro taklif qilishgan. Bu esa 2015 yilning yozida nashrlarda futbolchi uchun aynan "Real" tomonidan taklif qilingani aytilgan 100 mln yevrodan 4 barobar kamdir. Londonliklar Azarning sport formasi yomonlashgani tufayli uni 25 mln yevro evaziga ham qo‘yib yuborishga rozi bo‘lishi aytilgan. Jamoa rahbari Roman Abramovich ham uning hozirgi holatidan ko‘ngli to‘lmayapti.
Ma'lumot uchun, Azar joriy mavsumda "Chelsi" safida 22ta o‘yin o‘tkazdi va atigi bitta gol urib, 2ta golli uzatma muallifi bo‘ldi.