Muxbir: Shaxsiy avtomobil kirakashlik qilish huquqini beradimi?

Jamiyat 18:59 / 10.02.2016 13137

Hozirgi paytda Toshkentda 224 korxona yo‘nalishsiz taksi sohasida faoliyat ko‘rsatmoqda. Shundan 5tasi bevosita “Toshshahartrans xizmat” AK ishtirokida tashkil etilgan. Jami taksilar soni – 2901 ta. Bu haqda muxbir o‘z tekshiruvida yozgan.

"Hamma qayergadir shoshgan, uzoqdagi manzil sari halloslagancha oshiqayotgan... Bugunning kundalik manzarasi shunday. Biroq endi yo‘lni mo‘l yurish shart emas! Shahardagi eng tirband ko‘chaning to‘xtash taqiqlangan yerida turgan bo‘lsangiz ham, sizga xizmat ko‘rsatishga shay taksilarning turnaqatori bir zumda bo‘y ko‘rsatadi. Istalganiga o‘tirib yo‘lga otlanasiz. Kelishilgan narxni to‘laysizu, evaziga haydovchi sizni favqulodda yuqori tezlikda manzilingizga eltib qo‘yadi. Yo‘l qoidalari-chi? Amal qilish shart emas deganday haydovchi tirband ko‘chalardan yo‘l belgilariga mutlaq parvo qilmagan holda uchib boradi. Maqsad bitta – yo‘lovchining pulini olsayu tezroq qutilsa. Zero,yangi yo‘lovchilar kutmoqda. Bu degani mo‘maygina daromad! Biroq bir jihatni nazardan chetda qoldiribmiz, haydovchi!

Bu jihat – Xavfsizlik!

Xo‘sh, o‘sha sizni manzilga eltishga oshiqayotgan mashina egasidan so‘rab ko‘ring-chi, nima uchun yo‘l qoidalariga amal qilmaydi? Balki, o‘sha qoidalarni bilmas? Shunday bo‘lsa, nima uchun mashinasiga begona odamni o‘tqazib, uning sog‘lig‘i, manziliga bexatar yetib olishiga kafil bo‘ladi?!

Afsuski, bu holat bugun shu qadar ommalashib ketganki, allaqachon bunga parvo ham qilmay qo‘ydik. Darhahiqat, oddiy yo‘lovchi mashinalarning noqonuniy ravishda kirakashlik qilishi odatga aylandi. Go‘yoki, odamlarimizda «Mashina bor, demak kirakashlik qilsam bo‘ladi» degan tasavvur shakllanib qolganday. Albatta, ro‘zg‘or tebratish har qanaqa odamning turmush tashvishi. Biroq har qanday kasbni egallash uchun uquv, malaka, mahorat lozim emasmi?

Gap inson hayoti, xavfsizligi haqida ketarkan, albatta, masalaga yuzaki yondashib bo‘lmaydi. Tegishli hujjatlarsiz kirakashlik qilayotganlar yo‘lovchining xavfsizligi uchun hech qanday kafolat berolmaydi. Qolaversa, texnik holati noma'lum, haydovchisi zarur uquvga ega bo‘lmagan avtomashinalarda yo‘lovchi tashish aqlga sig‘maydi. Maqsadi cho‘ntakni qappaytirish bo‘lgan haydovchilarimiz bu haqda hech o‘ylab ko‘rganimikan?Mamlakatimizda yo‘nalishsiz taksilar faoliyatini tartibga solish bilan bog‘liq qator me'yoriy hujjatlar qabul qilinganidan xabardormikan?

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yo‘nalishsiz taksilar faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risda”gi Qarori (2011 yil 18 may, 139-son)ga asosan 2012 yilning 1 yanvaridan shaxsiy avtomashinasiga ega fuqarolarning litsenziyasiz kira qilishi ta'qiqlanadi. Biroq 2015 yilning o‘zida 6185 nafar haydovchi tegishli hujjatlarsiz kirakashlik qilayotganida qo‘lga tushgan. Noqonuniy taksistlarning aytishicha, ularning maqsadi “xalqning og‘irini yengil qilish”. Ha, lekin elga xizmat qonunga xiyonat orqali amalga oshiriladimi? Qolaversa, xalqimiz xizmatiga yarab turgan qonuniy taksilar ham bor. Hozirgi paytda 224 korxona yo‘nalishsiz taksi sohasida faoliyat ko‘rsatyapti. Jami taksilar soni – 2901 ta. Bu korxonalarda haydovchilar maxsus imtihonlardan o‘tkazilib, ularning salomatligi doimiy ravishda nazorat qilib turiladi. Hech qanday ruxsatnomayu litsenziyaga ega bo‘lmagan, shunchaki pul topish maqsadida yo‘lovchi tashiyotgan haydovchilar-chi? Ularning yetarli uquvga ega ekaniga kim kafil? Qolaversa, bu sohaning ham o‘z talablari bor. Vazirlar Mahkamasining “Yo‘nalishsiz taksilar faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risda”gi Qaroriga asosan, yo‘nalishsiz taksi xazmatlarini ko‘rsatadigan har bir avtotransport texnik jihatdan soz holatda bo‘lishi, ularda bank plastik kartochkalaridan to‘lovlarni qabul qiladigan hisob-kitob terminalining mavjud bo‘lishi shart.

Masalaning boshqa tomoni ham bor. O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga binoan, daromadga qaratilgan har qanaqa faoliyat xususiy tadbirkorlik hisoblanib, davlat tomonidan soliqqa tortilishi shart. Shunday ekan, yashirincha kirakashlik qilish qonunga ziddir. Bu soliqlardan bosh tortish deb baholanadigan bo‘lsa, ma'muriy jinoyat hamdir.
Yo‘llarimizdagi vaziyatni nazoratga olishning vaqti keldi. Chunonchi, bugun sodir bo‘layotgan yo‘l-transport hodisalarining aksariyati o‘sha noqonuniy kirakashlarning shoshma-shosharligi tufayli yuz bermoqda. Bugun aksariyat hamshaharlarimizni jig‘ibiyron qilayotgan yo‘l tirbandligi ham ana shu vajdan vujudga kelmoqda. Noqonuniy taksilarning bekatlarda turnaqator turishi, to‘xtash mumkin bo‘lmagan joyda yo‘lovchi olishi, odamlar gavjum yerlar, masalan bozorlar atrofida yig‘ilib turishi natijasida ko‘plab ko‘ngilsizliklar sodir bo‘lmoqda. Negaki, yuqorida ta'kidlanganiday, yo‘l chetida turgan odamni aynan o‘zining mashinasiga o‘tqazib, pul ishlash niyatida bo‘lgan kirakashlar duch kelgan yerlarda to‘xtab, boshqa avtomobillarning harakatlanishiga to‘siq bo‘lmoqda.

"Aynan noqonuniy taksilar tufayli ko‘chalarimizda tartibsizlik vujudga kelmoqda. Ular to‘xtash va to‘xtab turish qoidalariga umuman amal qilmaydi. Yo‘lovchini olish maqsadida bir birini quvib o‘tish, hatto katta yo‘lda poyga o‘ynashdan ham tap tortmaydigan haydovchilarimiz tufayli bu masala jiddiy muammoga aylandi",  deydi Toshkent shahar IIB “Yo‘l harakati xavfsizligi” boshqarmasi inspektori Alisher Abduqodirov.

Masalaga teran yondashadigan bo‘lsak, noqonuniy kirakashlikning avj olib kelishi nafaqat pulga o‘ch haydovchilarning, balki yo‘lovchilarning ham aybidir. Aynan ular duch kelgan mashinaga o‘tirib, texnik holati va haydovchisining uquvi haqida hech qanday ma'lumotga ega bo‘lmay noqonuniy taksi xizmatidan foydalanadi. Vaholanki, har kim o‘z xavfsizligi uchun avvalambor o‘zi qayg‘urishi kerak. Shunday emasmi? Siz nima deysiz: yo‘lovchi tashish uchun shaxsiy avtomobilning bo‘lishi kifoyami?!

Muallif: Mohlaroyim Qayumova

Ko‘proq yangiliklar: