Yaponiyaning Mitsubishi Heavy Industries korporatsiyasi Mitsubishi Aircraft bilan qo‘shma hamkorlikda Yaponiyaning qisqa masofalar parvoziga mo‘ljallangan Mitsubishi Regional Jet laynerining sinov parvozlarini qayta tikladi.
Mazkur sinov parvozlari noyabr oyida zarur texnik jihozlarning yetishmovchiligi tufayli to‘xtatib qo‘yilgandi, deya xabar bermoqda Kiodo nashri.
Yangi sinov parvozlari Nagoya aeroporti bazasida (Aiti prefekturasi) o‘tkazilmoqda. Bu hisob bo‘yicha to‘rtinchi sinov sanaladi. Bungacha 2015 yilning 27 noyabrida oxirgi sinov uchishlari amalga oshirilgandi.
Sinovlardan keyin MRJ laynerining birinchi xaridorlaridan biri All Nippon Airways bo‘lishi kutilmoqda. Tashkilot 2018 yilning ikkinchi yarmida mazkur laynerlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
MRJ – so‘nggi 50 yildagi qisqa masofaga parvoz qiluvchi ilk qayta ishlangan yapon samolyoti sanaladi. Layner 1,5 mingdan 3,4 ming kilometrgacha parvoz qila olishi mumkin. Samolyot o‘z bortida 90 nafar yo‘lovchini tashish imkoniyatiga ega bo‘ladi. MRJ laynerini qayta ishlash 2007 yilda boshlangan bo‘lib, shu kunga qadar taxminan 180 mlrd iyen (1,6 mlrd dollardan ko‘proq) mablag‘ talab qilgan.
Mitsubishi Aircraft kompaniyasi bergan ma'lumotga ko‘ra, ularda mazkur layner bo‘yicha 150 mlrd iyenlik (1,4 mlrd dollar) 407ta buyurtma mavjud.