OAV: Erdo‘g‘an yetarli moliyaviy yordam ko‘rsatilmasa, Yevropani muhojirlar bilan to‘ldirib tashlash orqali tahdid qilgan

Jahon 08:58 / 09.02.2016 5495

Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an agar Yevropa Ittifoqi uning davlati bilan zarur bo‘lgan miqdorda moliyaviy ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha kelishuvga kelmasa, Yevropani muhojirlar bilan to‘ldirib tashlash bilan tahdid qilgan. Bu haqda "Yurotudey" portali xabar bermoqda.

Portal ma'lumotlariga ko‘ra, Erdo‘g‘an bu haqda Yevropa kengashi Donald Tusk va Yevrokomissiya rahbari Jan-Klod Yunker bilan muzokaralar davomida ma'lum qilgan.
"Biz istalgan lahzada Gretsiya va Bolgariyaga eshiklarimizni ochib, muhojirlarni avtobusda olib kelishimiz mumkin. Agar siz bizga ikki yilga 3 mlrd dollar bersangiz, unda suhbatni davom ettirishdan ma'no yo‘q. Gretsiya inqiroz davrida 400 mln yevro oldi. Biz bu pullarning bir qismini ushlab qolib, qochqinlar bilan barcha muammolarni hal qilish uchun Suriyada xavfsizlik hududlarini yaratishimiz kerak edi", deb Erdo‘g‘an aytgan so‘zlarni keltirib o‘tdi portal.

"Yevropa Ittifoqi Turkiya qirg‘oqlari yaqinida cho‘kib ketgan boladan kattaroq muammo bilan to‘qnashadi. Bu 10, 15 ming muhojir bo‘ladi. Siz buncha muhojirni qanday eplay olasiz?", deb ta'kidlagan Erdo‘g‘an. Erdo‘g‘anning aytishicha, "Parijdagi teraktlar nochorlik va ijtimoiy yakkalash bilan bog‘liq bo‘lgan". "Bu bilimsiz odamlar, biroq ular Yevropa uchun hamon terrorchilar bo‘lib qoladi", deb davom ettirdi Erdo‘g‘an. Erdo‘g‘anning aytishicha, Turkiya IShID bilan ham, suriyalik kudrlarning "Demokratik ittifoqi" partiyasi va boshqalar bilan ham kurashmoqda.

Uchrashuvda gap Yevropa komissiyasining Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga kirish borasidagi taraqqiyoti haqidagi ma'ruzasi borasida ketgan. 2015 yilning 10 noyabrida chop etilgan ma'ruzada Turkiyada "o‘tgan yil davomida islohotlar taraqqiyoti sustlashgani, sud tizimining dahsizligini ta'minlash va korrupsiyaga qarshi kurashdagi taraqqiyot ham cheklangan bo‘lgani" aytilgan. Ma'ruzada aytilishicha, shu bilan birga "Turkiya matbuot erkinligini himoya qilish borasida sezilarli orqaga qadam tashlagan va inson huquqlariga amal qilish borasida ham salbiy tendensiya kuzatilgan".

Erdo‘g‘an bu ma'ruzaning mazmunidan achchig‘i chiqqan. "Bu haqoratlidir. Bu ma'ruzani kim yozdi? Siz o‘zi buni qanday qilib yozdingiz? Bu haqiqiy Turkiya emas. Siz haqiqatni bilish uchun hech qachon bizga kelmagansiz. Ko‘pchilik turklar siz shunday ma'ruzalar tayyorlaganingiz uchun ham Turkiya YeI a'zosi bo‘lishini istamayaptilar", deb aytgan Erdo‘g‘an.

Portal uchrashuv aynan qayerda bo‘lib o‘tganini ma'lum qilmagan. Reuters axborot agentligining ma'lumotlariga ko‘ra, suhbat 16 noyabrda Antaliyada "katta yigirmatalik" sammitida bo‘lib o‘tgan bo‘lishi mumkin.

Hozirda Turkiya Iroq va Suriyadan qochqinlarning Yevropaga o‘tishi yo‘nalishida tranzit davlat hisoblanadi.

Ko‘proq yangiliklar: