Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, Respublika Ma'naviyat targ‘ibot markazi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan 2016 yil fevral oyidan boshlab yoshlar qalbi va tafakkuriga bevosita ijobiy ta'sir ko‘rsatadigan, qiziqarli va foydali foto, video, audio va matn ko‘rinishidagi ijod namunalarini ishlab chiqishga qaratilgan “e-yoshlar” respublika internet tanlovi e'lon qilindi.
Tanlovda barcha qiziquvchilar ishtirok etish va ovoz berish huquqiga ega bo‘lib, u quyidagi uch toifa yoshlar o‘rtasida o‘tkaziladi:
- 5-15 yoshlilar, bunda ular yosh xususiyatidan kelib chiqib, o‘zlari yaratgan she'rlar, kichik hajmdagi hikoyalar, rasmlar va vatanga muhabbat, yaqinlariga mehr, sadoqat mavzusi aks etgan boshqa ijod namunalari orqali ishtirok etadi;
- 15-25 yoshlilar, ular tanlovda Vatan madhi aks etgan rasmlar, mustaqillik, yurt ravnaqi, yoshlik tarannum qilingan she'rlar, tabiatimiz manzaralari, tobora yosharib borayotgan shahar va qishloqlar suratlari va boshqa ijod namunalari bilan ishtirok etadi;
- 25-30 yoshlilar, ular tanlovda tinchlik ne'matining qadri, mustaqillikni asrab-avaylash, ona vatanga sadoqat, millatga muhabbat, millatlararo totuvlik, dinlararo bag‘rikenglik mavzulari yoritilgan matn (she'r, maqola, hikoya, ssenariy) yoki audio-video (qo‘shiq, qisqametrajli film, rolik, multfilm) mahsulotlari, ilmiy tadqiqot natijalari va boshqa ijod namunalari bilan ishtirok etadi.
Qabul qilingan ijod namunalari foydalanuvchilar tomonidan 2016 yil 1 apreldan 30 aprelgacha baholanadi va g‘oliblar aniqlanadi.
Har bir nominatsiya bo‘yicha sovrinli o‘rinlarni egallagan g‘oliblar diplom, pul mablag‘lari va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanishadi.
Tanlovda ishtirok etishni istagan yoshlar barcha zaruriy ma'lumotlarni www.e-yoshlar.uz saytidan olishi mumkin.