Mavluda Asalxo‘jayeva fonogrammada ijro etishiga musiqachilarni sababchi qilib ko‘rsatdi

Jamiyat 21:37 / 09.02.2016 5945

Mavluda Asalxo‘jayeva o‘z konsert dasturlarini jonli ijroda tashkil etmayotganiga sabab qilib musiqachilarni aybdor qildi.

Eslatib o‘tamiz, yaqinda u singlisi Guli Asalxo‘jayeva bilan birgalikda konsert berishi kutilmoqda.

“Bekajon” gazetasi muxbirining “nima uchun jonli ijroda konsert bermayapsizlar?” degan savoliga javob berarkan, Asalxo‘jayeva bugungi cholg‘uchilarning fonogrammadagiday “nuqsonsiz” chala olmasligini ta'kidlab o‘tdi.

“Menga qo‘yib bersa, mutlaqo jonli ijroda o‘tkazardim, - tan oldi u. – Avvallari jonli ijrochilarimizga jo‘r bo‘lgan cholg‘uvchilarning musiqasini eshitsangiz, xuddi fonogramma kabi nuqsonsiz edi. Afsuski, bugun unday natijaga erisholmayapmiz. Sokin qo‘shiqlarni kuylaganimizda jonli ijroingizni muxlislar qabul qiladi, ammo sho‘x taronalarni aytayotganingizda quloqlarni qomatga keltiruvchi shovqin qo‘shilib ketadi va muxlisga bu erish tuyuladi”.

“Bir-ikki joyda sho‘x qo‘shiqlarimni jonli musiqa hamrohligida kuylaganimda, oldimga kelib: “Opa, fonogrammani yaxshi yozmabsiz-a”, degan vaqtlar bo‘ldi. Qarang, muxlislarimiz, tinglovchilarimiz qanchalik tiniq eshitiladigan fonogrammaga o‘rganib qolishdi. Mana shu omilni inobatga olgan holda, konsertimizda musiqa fonogrammada qo‘yilsa-da, ovozimiz albatta jonli bo‘lishini rejalashtiryapmiz”.

Ko‘proq yangiliklar: