“Huquq” gazetasining yozishicha, Jizzaxlik 4 nafar ayolning firibgarlik faoliyati fosh etildi. Ular fuqaro O‘.O‘razalevaning o‘qishga kira olmagan farzandini Jizzax davlat pedagogika institutiga qo‘shimcha kontrakt asosida o‘qishga kiritish va'da qilishadi va bu xizmat uchun undan 3000 AQSh dollarini olishadi. Biroq va'da bajarilmaydi. O‘.O‘razaliyevaga esa bergan pulining faqat 1000 AQSh dollarinigina qaytarib berishadi va qolganini o‘z ehtiyojlari yo‘lida ishlatib yuborishadi.
Fuqaro Yu.Nurjanov ham ularning aldoviga laqqa tushadi. Jabrlanuvchining o‘qishga kira olmagan qizini tanishlari orqali Toshkent pediatriya institutiga qo‘shimcha kontrakt asosida o‘qishga joylab qo‘yishni va'da qilib, evaziga 5000 AQSh dollari olishadi. Ammo yana va'da bajarilmaydi. Jabrlanuvchining 800 AQSh dollari mablag‘ini qaytarib berishadi xolos.
Shuningdek, mazkur shaxslar ana shunday va'dalar bilan O‘.Bosimovdan 4000 AQSh dollari, L.Rashidovadan 8200 AQSh dollarini olib, o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuborishgan.
“Mazkur holatlar yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, sud tomonidan tegishli jazo tayinlandi”, deb yozadi “Huquq” gazetasi.