GM raqobatchilari bilan Chevrolet Volt gibrid qurilmasini bo‘lishadi

Fan-texnika 20:07 / 09.02.2016 3175

General Motors konserni ikkinchi avlod Chevrolet Volt modelida qo‘llanadigan gibrid kuch qurilmalarini boshqa avtomobilsozlarga yetkazib berishni yo‘lga qo‘yishi mumkin. Bu haqda konsernning motorlar ishlab chiqarish bo‘yicha bo‘limi bosh muhandisi Den Nikolsonga tayangan holda Automotive News portali xabar bermoqda.

“Biz kirib kelayotganimiz murakkab davrda gibrid tizimlar ishlab chiqarish bo‘yicha eng yaxshi sherikka aylanmoqchimiz”, – dedi Nikolson.

Taxmin qilinishicha, Voltec agregatidan foydalanishga ruxsat berilishi boshqa kompaniyalarga mustaqil ishlanmalar olib borishda milliardlab dollar tejash imkonini beradi. General Motors’ga esa bunday hamkorlik uni yaratishga ketgan xarajatlarni qoplash imkonini beradi.

Yangi Chevrolet Volt 2015 yil boshida Detroyt avtosalonida taqdim etilgan edi. Sedanning kuch qurilmasi tarkibi 149 ot kuchiga ega elektr motori, 1.5 l li 101 ot kuchiga ega benzinli agregat va 18.4 kVT/soat hajmli bloklardan iborat.

Mashina 8.4 sekundda 96 km/soat tezlikka erishadi, uning maksimal tezligi esa soatiga 160 km ni tashkil qiladi. Akkumulyatorlar zaxirasi 80 km yo‘l bosishga yetadi, umumiy miqdorda esa sedan 675 km gacha yo‘l bosa oladi.

Ko‘proq yangiliklar: