Hukumat qarori bilan o‘tgan haftada O‘zbekistondagi ikkinchi eng yirik bank – “Asaka” bankining boshqaruv raisi Qahramon Oripov ishdan bo‘shatildi. Bu haqda RIA “Novosti” agentligi xabar qildi.
Xabarda keltirilishicha, uning o‘rniga boshqaruv raisining o‘rinbosari Rustam Qosimov vaqtincha rahbarlikka tayinlandi.
Ayni paytda bank rahbarining ishdan olingani to‘g‘risida rasmiy ma'lumot e'lon qilingani yo‘q.
“Asaka” banki 1996 yilda tashkil etilgan bo‘lib, bank ko‘rsatkichlari bo‘yicha O‘zbekiston bank tizimida ikkinchi pog‘onani egallaydi. Uning asosiy faoliyat yo‘nalishi avtomobil sohasini kreditlashdan iborat. O‘zbekiston Moliya banki, O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot fondi, “O‘zavtosanoat” AJ uning asosiy aksiyadorlari hisoblanadi.