Angliyaning «Manchester Siti» klubi bo‘lajak bosh murabbiyi Xosep Gvardiola yozda yangi jamoasiga o‘zi 2008-2012 yillar davomida boshqargan «Barselona»dan bir yo‘la ikki futbolchini taklif qilmoqchi.
Daily Mail nashri bergan xabarga ko‘ra, ingliz klubi hujumchi Neymar va yarimhimoyachi Serji Buskets uchun 45 yoshli mutaxassisga 150 million funt ajratadi.
Qayd etib o‘tish joiz, Neymar va Busketsning «Barselona» bilan tuzgan amaldagi shartnomalari 2018 yilda nihoyasiga yetadi. Hozircha futbolchilar bitimni uzaytirishganicha yo‘q.
Gazeta bergan ma'lumotga ko‘ra, «Siti» qiziqishlari doirasiga shuningdek, «Everton» himoyachisi Jon Stounz va «Yuventus» yarimhimoyachisi Pol Pogba ham bor.
Oldinroq, Gvardiola «Manchester Siti» bosh murabbiyligini qabul qilib olgach, «Barselona» futbolchilarini o‘ziga og‘dirib olmasligi haqida xabarlar tarqalgandi.
Gvardiola «Manchester Siti»ga «Barselona» hujumchisini olib kelmoqchi