Erkin kurash: O‘zbekiston termasi 2016 yilgi olimpiada yo‘llanmalarini qo‘lga kiritish uchun musobaqalarga kirishadi

Sport 16:31 / 08.02.2016 5271

Erkin kurash bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a'zolari navbatdagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini hamda an'anaviy xalqaro turnirda ishtirok etish uchun Belarus poytaxti Minsk shahriga jo‘nab ketdi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar bergan.

O‘zbekiston terma jamoasi a'zolari dastlab o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida ishtirok etadi. Shundan so‘ng, 18-19 fevral kunlari uch karra Olimpiada o‘yinlari g‘olibi Aleksandr Medved sovrini uchun o‘tkaziladigan an'anaviy xalqaro turnirda qatnashishadi.

Joriy yilning 18-20 mart kunlari Qozog‘iston poytaxti Astana shahrida “Rio-2016” Olimpiada o‘yinlarining yo‘llanmalari o‘ynaladigan qit'aviy saralash musobaqasi o‘tkaziladi. Belarusda tashkil etilgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini aynan ushbu nufuzli musobaqa oldidan tayyorgarlik bosqichi vazifasini o‘tab beradi.

Minsk shahriga yo‘l olgan terma jamoa tarkibi: Nodirjon Safarov, Abbos Rahmonov (har ikkisi – 57 kg), Ixtiyor Navro‘zov (-70 kg), Bekzod Abdurahmonov (-74 kg), Umid Ismanov, Soslan Tigiyev (har ikkisi – 86 kg), Husanboy Rahimov, Magomed Ibragimov (har ikkisi – 97 kg), Hasanboy Rahimov (-125 kg). Murabbiylar: Aleksandr Nedorezov, Arsen Sharashenidze. Hakamlar brigadasidan Tuymurod Adizov o‘rin olgan.

Ma'lumot uchun, 2016 yilning 17-21 fevral kunlari Bangkok shahrida (Tailand) erkin kurash bo‘yicha Osiyo chempionati o‘tkaziladi. Mazkur qit'a chempionatida “Rio-2016” o‘yinlarining litsenziyalari o‘ynalmaganligi bois terma jamoa murabbiylari Osiyo chempionatiga ikkinchi raqamli sportchilarni yuborishga qaror qilgan.

Ko‘proq yangiliklar: