Turkiya bosh vaziri o‘rinbosari No‘'mon Kurtulmush CNN Turk telekanaliga bergan intervyusida Turkiya qochqinlarni qabul qilish bo‘yicha barcha imkoniyatlari poyoniga yetgan bo‘lsa ham, suriyalik qochqinlarni qabul qilishni davom ettirishini aytdi.
"Turkiya qochqinlarni qabul qilish bo‘yicha barcha imkoniyatlari chegarasiga yetdi. Biroq bu odamlarning boradigan boshqa joylari yo‘q. Yoki ular halok bo‘ladilar, yoki biz ularga chegaralarimizni ochamiz", deb aytdi Kurtulmush.
Kurtulmushning aytishicha, Turkiya ularga "kelmang" deb ayta olmaydi. "Agar biz buni qilsak, ularni o‘limga mahkum qilgan bo‘lamiz", deb ta'kidlamoqda Kurtulmush.
Avvalroq Turkiya bosh vaziri Ahmet Dovudo‘g‘lu 5 fevralda Suriya-Turkiya chegarasiga 15 ming qochqin kelganini ma'lum qilgandi.