Muhammad (s.a.v.) payg‘ambar haqidagi film uchun Afrikadan fil keltirildi

Jamiyat 20:16 / 07.02.2016 26012

Eronda Muhammad (s.a.v.) payg‘ambar haqidagi film namoyishi uchun Afrikadan fil olib kelindi.

"Muhammad – Alloh elchisi" filmi namoyishi Rossiya va Eron o‘rtasidagi madaniy hamkorlik doirasida o‘tmoqda", deyiladi Sputnik nashri xabarida.

Rejissyor tomoshabinlarga asl islom, ya'ni muhabbat va ezgulikka chorlovchi dinni ko‘rsatishga ahd qilgan. Majidiyning so‘zlariga qaraganda, keyingi vaqtlarda, ayniqsa G‘arbda islom dini haqida odamlarda noto‘g‘ri taassurot paydo bo‘lmoqda.

"IShID kabi terrorchilik guruhlari xatti-harakatlari tufayli islomga — terrorchilik va zo‘ravonlik dini sifatida qaraladigan bo‘lib qoldi", deya ta'kidlaydi rejissyor.

Muhammad (s.a.v.) payg‘ambar hayotining dastlabki yillari haqida hikoya qiluvchi kartina yetti yil davomida suratga olingan.

"G‘arbda muqaddas kitoblar asosida omma uchun yaratilgan filmlar ko‘p, — dedi rejissyor. — Iso, Muso payg‘ambarlar haqida kartinalar bor. Muhammad payg‘ambar haqida esa atigi bitta film suratga olingan. Mana endi ikkinchi film ham yaratildi".

S'yomka jarayonlari uchun Tehron atrofida kinematografik shaharcha bunyod etilgan. Undagi ko‘cha va binolar Muhammad (s.a.v.) payg‘ambar davridagi Makka shahri landshafti ko‘rinishida yaratilgan. Majidiyning aytishicha, shaharchadan keyinchalik boshqa rejissyorlar ham foydalanishlari mumkin.

Film byudjyeti 35 million dollarni tashkil etgan. Kartina uchun sarflangan mablag‘lar maxsus nodavlat xayriya jamg‘armasi tomonidan to‘plagan. Davlat bu kartina uchun pul ajratmagan.

Film zamonaviy texnologiyalar asosida suratga olingan, bunda maxsus effektlar, tarixiy liboslar, jang sahnalari, kishini lol qoldiruvchi dekoratsiyalarga alohida e'tibor qaratilgan. Suratga olish ishlari uchun hatto Afrikadan fil ham keltirilgan.

Film uchun musiqa hind bastakori Rakxa Rahmon tomonidan yaratildi. Rahmon “Xarobadan chiqqan millioner” kartinasi uchun yozgan kuylari tufayli “Oskar” mukofotini qo‘lga kiritgan. Rejissyorning so‘zlariga ko‘ra, bastakor payg‘ambar haqidagi filmga yozgan kuylari uchun pul olmagan.

Eronda bu film prokati besh oydan beri davom etmoqda. Kartina, ayniqsa, Saudiya Arabistoni muftiylarini g‘azabga solgan. Ular payg‘ambar yuzini ekranda ko‘rsatishga jazm qilgan Majidiyni qattiq tanqid ostiga olishmoqda.

Film uch qismdan iborat bo‘lib, hozirgi, birinchi kartinada Muhammad (s.a.v.) payg‘ambarning 12 yoshgacha bo‘lgan hayoti aks ettirilgan. Ikkinchi qismda Muhammad (s.a.v.) o‘z zimmasiga yuklatilgan muqaddas burchni anglab yetishi ko‘rsatilsa, uchinchi qism u bu vazifani qay tarzda amalga oshirishi haqida hikoya qiladi.

Rejissyor yetti yil davomida dam olishsiz ishlab, juda charchaganligi bois kartinaning qolgan qismlarini qachon suratga olishini ayta olmasligini ta'kidlagan.

Ko‘proq yangiliklar: