Smartfon yoki noutbukingiz qizib ketsa, tushunasizki, u juda ko‘p ma'lumotni yuklamoqda. Endi tasavvur qiling, Microsoft'ning bir nechta serverlaridan tashkil topgan Data Center — «ma'lumotlar markazi» o‘zidan qanday katta issiqlik miqdorini chiqaradi.
Haddan ziyod qizib ketishi esa ularning ishdan chiqishiga sabab bo‘ladi. Shu bois «ma'lumotlar markazi» har doim sovutilgan holda saqlanishi zarur. Bu esa nafaqat Microsoft'ning, balki Google yoki Facebook kabi kompaniyalar uchun ham katta muammo. Ular «ma'lumotlar markazlari»ni sovuqroq davlatlarda saqlaydi.
Microsoft'ning serverlarni suv ostida saqlash uchun mo‘ljallangan Project Natick loyihasi esa muvaffaqiyatli kechmoqda. Loyiha 2013 yilda tashkil qilingan, maxsus «ma'lumotlar markazi»ni qurish esa 2014 yilning avgustida boshlangan.
Loyihaning ilk mahsuloti silindr shaklidagi, suv o‘tkazmas kapsula bo‘lib, uning diametri 2,5 metrni tashkil etadi. U 105 kun davomida Kaliforniya qirg‘oqlarida sinovdan o‘tkazilgan va ma'lum qilinishicha, natijalar kutilganidan ham yaxshi.
Microsoft bergan ma'lumotlarga ko‘ra, dunyo aholisining yarmi okeandan 200 kilometr uzoqlikkacha bo‘lgan masofada istiqomat qiladi. Agar serverlar suv ostida saqlansa, odamlarning internetdan foydalanishi tezlashadi. Chunki ma'lumot jo‘natish va qabul qilish oralig‘i qisqaradi.
Shuningdek, yer ustida «ma'lumotlar markazi» qurish uchun 2 yil sarflanadi, suv ostida saqlanadigan kapsulalardan tashkil topadigan bunday markaz esa 90 kunda quriladi.
Suv osti «ma'lumotlar markazlari» kelajakda suv trubinalari yordamida o‘z-o‘zini elektr energiyasi bilan ta'minlashi ham kutilmoqda.