Toshkent shahar mudofaa ishlari boshqarmasi yig‘in punktida muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan yigitlarning dastlabki guruhini tantanali kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi.
O‘zA xabarida keltirilishicha, Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari, shahar xotin-qizlar qo‘mitasi raisi F.Abdurahimova, Toshkent shahar mudofaa ishlari boshqarmasi boshlig‘i E.Toshtemirov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida Qurolli Kuchlar tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasida O‘zbekiston professional tayyorgarlikka ega, yaxshi ta'minlangan, Vatanimizga sadoqatli, mamlakatimizning xavfsizligi va hududiy yaxlitligini, chegaralarimiz daxlsizligini ta'minlash, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini himoya qilishga qodir bo‘lgan milliy armiyasiga ega ekanini ta'kidladi.
Yoshlarni muddatli harbiy xizmatga tanlov asosida saralab olish uchun chaqiruv va yig‘in punktlarida barcha qulayliklar yaratilgan. Chaqiruv komissiyalari faoliyatining oshkoraligi va uning ishi ustidan samarali jamoatchilik nazoratini ta'minlash maqsadida ular tarkibiga joylardagi davlat hokimiyati organlari, keng jamoatchilik, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Nuroniy” jamg‘armasi va “Mahalla” xayriya jamoat fondi vakillari ham jalb etilgan. Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi chaqiriqqacha bo‘lgan yoshlarning ma'naviy-axloqiy va harbiy-vatanparvarlik jihatdan shakllanishiga ko‘maklashmoqda.
Muddatli harbiy xizmatga yo‘l olayotgan yosh yigitlarga mudofaa ishlari boshqarmasi, jamoat tashkilotlari vakillari, ota-onalar oq yo‘l tiladi.