Pentagon og‘ir yaralangan askarlarga ham reproduktiv funksiyani saqlab qolish imkonini beradigan tajribaviy dasturni ishga tushirmoqda. Bu haqda The New York Times nashri yozmoqda.
Dastur tashabbuskori mudofaa vaziri Eshton Karterdir. Endilikda harbiy xizmatga keluvchi erkak va ayollar spermasi va tuxum hujayralarini saqlashga topshiradi. Barcha xarajatlarni mudofaa idorasi o‘z zimmasiga oladi.
Shu tariqa askarlarning jangovar ruhini ko‘tarish rejalashtirilmoqda. Nasl qoldirish masalasi hal qilinganidan so‘ng harbiy xizmatchilar og‘ir jarohat olish istiqboliga yengilroq munosabatda bo‘lishi kutilmoqda.Bundan tashqari, 20-40 yoshdagi ayollarning armiyadan ketib qolishi bilan bog‘liq muammo ham hal qilinadi: bu yoshda ayollar odatda armiyadan ketib, o‘zlarini farzand ko‘rish va oila qurishga bag‘ishlaydilar.