O‘zbekiston hukumati 2016 yilning ikkinchi yarmidan Markaziy Osiyoni Rossiya va Xitoy bilan bog‘laydigan avtokoridor qurilishini tugallash uchun Osiyo taraqqiyot banki(OTB)ning umumiy qiymati 405 million dollarlik bir necha transhdan iborat kredit mablag‘larini qabul qilib olishni boshlaydi. Bu haqda Sputnik agentligi Moliya vazirligi qoshidagi Respublika yo‘l jamg‘armasi vakiliga tayanib ma'lum qildi.
OTB mablag‘lari mazkur loyiha doirasida 2018 yil oxiriga qadar uchta transh ko‘rinishida ajratiladi.
“Loyihani hujjatlashtirish ishlari yakuniy bosqichda, mazkur paket yaqin uch yil ichidagi OTB va O‘zbekiston moliyaviy hamkorlik dasturiga kiritilgan”, - deya oydinlik kiritdi jamg‘arma vakili Toshkentdagi logistika masalalariga bag‘ishlangan konferensiya jarayonida.
Birinchi 2 transh 2011-2012 yillarda ajratilgan bo‘lib, mamlakat sharqidagi A-373 yo‘lini qayta qurishga sarflangan edi.
Hozirgi vaqtga qadar O‘zbekistonda milliy avtomagistral qurilishiga OTB kreditlari hisobidan 1,1 milliard dollar sarflandi. Mablag‘lar A-373 magistralining “Toshkent – Andijon” bo‘lagi va A-380 magistralining “G‘uzor – Buxoro – Nukus – Beynau” yo‘llarini ta'mirlash va kengaytirishga sarflangan.