Italiyalik nefrofiziologlar ayollar erkaklarga qaraganda o‘rtacha hisobda ko‘proq esnashini aniqlashdi. Bunga esa ayollarning tashqi muhitni kuchliroq his etishi sabab ekan. Tadqiqot tafsilotlari Royal Society Open Science jurnalida chop etildi.
“Ayollar hayotning ko‘plab jabhalarida erkaklarga qaraganda hissiyotga beriluvchanroq bo‘lishadi va empatiyani namoyon etadilar. Bu fenomen oddiy biologik tushuntirishga ega — ayollar tabiatan farzandlarga g‘amxo‘rlik qilishga moyil qilib yaratilgan. Biz ularning mazkur o‘ziga xosligining esnashga aloqadorligini tekshirishni istadik va yakunda haqiqatdan ham shunday ekani ma'lum bo‘ldi”, - deydi Piza universiteti (Italiya) olimasi Elizabetta Palagi (Elizabetta Palagi).
Palagi va uning hamkasblari psixologiya, neyrofiziologiya va antropologiya sohasida keng ommalashayotgan “yuqumli esnash” fenomenining sirini ochish ustida izlanishlar olib bormoqda. Tadqiqotlarda nima sababdan insonlar, shuningdek, shimpanze va itlar atrofidagilarining esnashiga “javob” berishi aniqlanadi.
Esnashning biologik yoki psixologik sabablari haligacha aniqlashtirilmagan. Ayrim olimlar noodatiy va ma'nosiz harakatni atrofdagi yaqinlarga nisbatan empatiya, ya'ni xavotir, qayg‘urish kabi tuyg‘ular keltirib chiqaradi, degan mulohazani bildirishgan. Boshqa bir guruh mutaxassislar esa esnash yuqumli “kasallik” emas, deyishadi.
Palagi guruhi yillar davomida yuzlab ko‘ngillar o‘rtasida tekshiruvlar o‘tkazib, ularning ish, uy, ko‘cha-ko‘ydagi odatiy hayot tarzini kunu tun kuzatib borishdi va ayollar esnashni yuqtirib olishga ko‘proq moyil ekanini aniqlashdi.
Mazkur kuzatuvlarda “yuqumli” esnashlar chastotasi ikki mezonga bog‘liq ekani aniqlandi — esnaganlar va uni yuqtirib olganlarning bir-biri bilan qanchalik yaqinligi va ularning jinsi. O‘rtacha hisoblanganda, ko‘ngillilar bir-biri bilan qanchalik yaqin bo‘lsa, qarshisidagi esnagan odamlar shu darajada ko‘proq javob qaytargan. Ayniqsa ayollar o‘z jinsdoshlarini erkaklarga qaraganda 30-35 foiz ko‘proq esnashga “majburlagan”.
Olimlar fikricha, esnash orqali ayollar atrofdagilar bilan tezroq umumiy til topishar ekan.