Qrimning Ukraina tarkibiga qaytarilishi Rossiyaga qarshi sanksiyalarning bekor qilinishidagi asosiy shartlardan biridir. Bu Yevroparlamentning Strasburgdagi plenar sessiyasida qabul qilingan rezolyutsiyasida belgilab berildi.
“Rossiya Federatsiyasi bilan munosabatlarning tiklanishi, shu jumladan, sanksiyalarning bekor qilinishidagi asosiy shartlardan biri yarim orol ustidan Ukrainaning nazorati qayta tiklanishi bo‘ladi”, - deyiladi rezolyutsiya matnida.
Hujjat majburiy emas, balki tavsiya xarakteriga ega ekanligi ta'kidlanmoqda.
Rezolyutsiyada, shuningdek, qrim tatarlariga nisbatan inson huquqlarining buzilishi keskin qoralandi.
“Rossiya butun aholining xavfsizligi, inson huquqlariga rioya qilinishi, shu jumladan, mahalliy aholi bo‘lmish tatarlar hamda Qrimning boshqa milliy ozchiliklarining madaniy va diniy huquqlari kafolatlanishi, Qrimda huquq-tartibotni asrash uchun javobgardir”, - ta'kidlanadi hujjat matnida.