2016 yilda O‘zekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi tasarrufidagi bir qator teatrlar va tomosha muassasalari binolari rekonstruksiya qilinadi.
Bu haqda Madaniyat va sport ishlari vazirligining 2015 yil faoliyat yakunlariga bag‘ishlangan Hay'at majlisida ma'lum qilindi.
Xususan, 2016 yilda O‘zbekistonda teatrlar va tomosha muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish, ularning moddiy-texnika bazasini kuchaytirish, repertuarlarni zamon talablariga mos ravishda shakllantirish, “Tomosha” bolalar musiqiy teatrga ajratilgan binoni rekonstruksiya qilish va moddiy-texnik bazasini mustaxkamlash, Respublika bolalar qo‘g‘irchoq teatri binosini qurish, Muqimiy nomidagi o‘zbek davlat musiqali teatri binosini rekonstruksiya qilish kabi ishlar rejalashtirildi.
Shuningdek, madaniy meros obektlarini asl holida saqlash, xususan, umumjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan “Buxoro tarixiy markazi”, “Ichan qal'a”, “Samarqand - madaniyatlar chorrahasi” va “Shahrisabz tarixiy markazi” muhofaza qilish va foydalanish yanada takomillashtiriladi.
Muzeylar sohasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar hamda muzeylar faoliyatini rivojlantirishga qaratilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri kesimida chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqiladi hamda muzey ko‘rgazma zallarida Mustaqillik ruhiyatini aks ettiruvchi ekspozitsiyalar yaratishni jadallashtiriladi.