Iordaniya qiroli: Iordaniyadagi suriyalik qochqinlar bilan bog‘liq vaziyat "qaynash nuqtasiga yetmoqda"

Jahon 00:08 / 03.02.2016 3937

Suriyadan Iordaniyaga kelayotgan katta sondagi qochqinlar mamlakat uchun jiddiy sinov bo‘lmoqda. Iordaniya qiroli Abdulloh II OAVlarga bergan intervyusida qochqinlar bilan vujudga kelgan vaziyat "qaynash nuqtasiga yetmoqda" deb aytdi.

"Yana ozgina va to‘g‘on yorilib ketadi", deb aytmoqda qirol.

Qirolning aytishicha, suriyalik qochqinlar mamlakat iqtisodiyoti va ijtimoiy xizmatlar uchun jiddiy sinov bo‘lmoqda. "Davlat byudjyetining 25 foizi qochqinlarga yordam berish uchun sarflanmoqda, ijtimoiy xizmatlar imkoniyatlari chegarasida ishlamoqda, ishsizlik ko‘paymoqda. Bu vaziyat mamlakatning ta'lim va sog‘liqni saqlash tizimiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi", deb aytmoqda Abdulloh II.

Qirol suriyalik qochqinlar Iordaniya ichida IShID ta'sirining o‘sishiga sabab bo‘lishi mumkinligidan xavotirlanmoqda va shuning uchun chegaralarning o‘tkazish qobiliyatini kamaytirish kerak, deb hisoblamoqda.

"Bu yerda gap davlatning milliy xavfsizligi haqida ketmoqda. Bu bosqichda biz bolalar va tibbiy yordamga muhtoj odamlarni qabul qilishga afzallik beramiz. Biz qochqinlarni qabul qilishni davom ettiraveramiz, biroq cheklangan miqdorda", deb aytdi qirol.

Uning fikricha, vaziyatdan chiqishga 5 fevralda Londonda bo‘lib o‘tadigan qochqinlar muammosiga bag‘ishlangan Beshinchi xalqaro anjuman yordam berishi kerak. Qirol bu anjumanda Yevropa yetakchilari bilan qochqinlar muammosini muhokama qilishni rejalashtirmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: