Turkiyaning Egey dengizi va O‘rta Yer dengizi qirg‘oqlaridagi 1300dan ortiq mehmonxona mamlakatda xavfsizlik sharoitlari yomonlashgani va Rossiya bilan munosabatlardagi sovush tufayli sotuvga qo‘yilgan. Bu haqda Zaman gazetasida xabar berilgan.
Bu mehmonxonalarning umumiy narxi 30 milliard liraga baholangan (10 milliard dollardan ortiq). Bu mehmonxonalarning jami sig‘imi - 153 ming o‘rindan oshiq. Sotuvga qo‘yilgan mehmonxonalarning aksar qismi Antalyada, rossiyaliklar bozori yaqinida joylashgan. Ularning soni 410ta va bu mehmonxonalarning chorak qismi besh yulduzli mehmonxonalar hisoblanadi.
Nashrning qayd etishicha, Turkiyada sayyohlik sanoati inqiroz yoqasiga kelib qoldi. Gazetaning yozishicha, mehmonxonalarning sotuvga qo‘yilishiga iqtisodiy vaziyat yomonlashgani ortidan Yevropadan keluvchi sayyohlar oqimi pasaygani ham sabab hisoblanadi. Shuningdek, mehmonxonalar egalari banklardan qarzdor bo‘lib qolishgan.