O‘tgan haftadan Niderlandiyada faqatgina WePod haydovchisiz elektroavtobuslari harakatlanadigan yangi yo‘nalish ishga tushirildi. Yangi transport vositasi to‘liq avtomatlashtirilgan va rul boshqaruviga ega emas. Avtobus harakatlanish vaqtida yo‘nalishning batafsil xaritalari, kameralar, radar va lazer datchiklardan olinadigan ma'lumotlarga tayanadi. Bularning barchasi yo‘ldagi vaziyatga o‘z vaqtida javob berishga imkon beradi.
WePod kabinasi avtomatik ochiladigan eshik, nogironlar aravachasi uchun ko‘targich va 6 yo‘lovchi o‘rindig‘i bilan jihozlangan. Elektroavtobus to‘la quvvatlanish bilan 100 km yo‘l bosa oladi. Uning maksimal tezligi 40 km/soatni tashkil qiladi, biroq bu tezlik Yevropada ruxsat berilgan 25 km/soatgacha tushiriladi.
Avtobus hozircha sinovdan o‘tkazilayotgani sababli yo‘nalish uzoqligi 200 metrni tashkil qilmoqda. Bunda uning harakatlanish tezligi 8 km/soatgacha tushirilgan.
Yo‘lovchilar tashish Vageningen yo‘llarida haydovchisiz, biroq operatorning kuzatuvida amalga oshirilmoqda.
WePod sinovdan o‘tgach, Vageningen va Ede shaharlari o‘rtasida harakatlanishni boshlaydi.
Yo‘lovchilar mobil qurilmalar dasturi va bekatlardagi terminallar orqali bu avtobuslarda yurish uchun oldindan buyurtma berishlari mumkin bo‘ladi.