Jizzax viloyat hokimi quyonchilikni rivojlantirish to‘g‘risidagi qarorga imzo chekdi

Jamiyat 19:48 / 01.02.2016 16970

Jizzax viloyat hokimining quyonlar yetishtirish hamda sohani zamonaviy sanoat usulida rivojlantirish, aholi, ixtisoslashgan agrofirmalar, xo‘jaliklarda mahsulotlarni saqlovchi, qayta ishlovchi va xaridor o‘rtasida uzviy bog‘liq tizim yaratish, mahsulotlarni ishlab chiqarish va sotish bilan bog‘liq amaliyotlarni hamda pul aylanmalarini tijorat banklari orqali amalga oshirishni tashkil etish maqsadida qarori qabul qilindi.

Qarorda quyonchilik sohasini rivojlantirish va sanoat usulidagi quyonchilik agrofirmalari yoki xo‘jaliklarini tashkil qilish maqsadida “Mikrokreditbank” aksiyadorlik-tijorat banki Jizzax viloyat filiali va “O‘zbekinvest” eksport-import milliy sug‘urta kompaniyasi Jizzax viloyat filiali mas'ul qilib biriktirilgan.

Sohani rivojlantirishga mas'ul bo‘lgan mutaxassislarga joriy yilda viloyatda 400 bosh quyonga mo‘ljallangan quyonchilik agrofirmasini tashkil qilish, belgilangan muddatlarda ushbu agrofirma nizomini tasdiqlash va o‘rnatilgan tartibda ro‘yxatga olish, tashkil qilingan quyonchilik agrofirmasiga chet eldan 400 bosh zotdor quyonlarni va quyon boqish uskunalarini olib kelish, agrofirmalar tomonidan 2016 yil davomida quyonlar sonini 151 ming boshga ko‘paytirilishi, 113 tonnadan ortiq quyon go‘shti va 47,2 ming dona quyon terisi yetkazib berish kabi vazifalar belgilab berilgan.

Ayni paytda Jizzax tumanida quyonchilik agrofirmasi yoki xo‘jaliklariga 15 ming bosh quyonlar uchun 54 tonna makkajo‘g‘ori, 54 tonna bug‘doy, 219 tonna arpa, 136 tonna sabzi, 825 tonna karam va 273 tonna beda ozuqalarini yetishtirish uchun zarur 40 gektargacha suvli ekin yer maydoni ajratiladi.

 

Akmal Binokulov, Kun.uz jamoatchi muxbiri,
Jizzax viloyati

Ko‘proq yangiliklar: