Alisher Navoiy tavalludining 575 yilligi munosabati bilan “Navoiyni sog‘inib”deb nomlangan adabiy-badiiy kecha 2016 yil 5 fevral kuni 15:00 da Sirdaryo viloyati Guliston shahridagi 1-son bolalar musiqa va san'at maktabida bo‘lib o‘tadi. Bu haqda tadbir tashkilotchisi O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi Respublika xalq ijodiyoti va madaniy-ma'rifiy ishlar ilmiy-metodik markazi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ushbu tadbir Sirdaryo viloyat hokimligi, Xalq ta'limi boshqarmasining amaliy ko‘magi hamda Respublika xalq ijodiyoti va madaniy-ma'rifiy ishlar ilmiy metodika markazi, Respublika “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasining uslubiy yordamida tashkil etilmoqda.
Respublika xalq ijodiyoti va madaniy-ma'rifiy ishlar ilmiy metodik markazi faoliyati san'at va uni rivojlantirish, yangi iste'dod sohiblarini kashf etish bilan bevosita bog‘liqdir. Shuning uchun markaz xodimlari viloyatlardagi musiqa va san'at maktablari bilan mustahkam aloqa o‘rnatishga astoydil harakat qilmoqda. Navoiy dahosiga ehtirom ramzi sifatida o‘tkazilayotgan bugungi tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad ulug‘ bobomizning boy adabiy merosini o‘rganish va targ‘ib etishni keng yo‘lga qo‘yish, o‘quvchi-yoshlar qalbi va ongiga shoir asarlarining mazmun-mohiyatini, badiiy xususiyatini va tarbiyaviy ahamiyatini chuqur singdirish, shuningdek, zamonaviy o‘quv dargohlarida san'at sirlarini o‘rganayotgan yosh san'at shaydolari bilimini, iste'dodini ko‘rikdan o‘tkazib, ma'naviy rag‘batlantirishdan iboratdir.
Tadbirda Respublika xalq ijodiyoti va madaniy-ma'rifiy ishlar ilmiy metodika markazi qoshida faoliyat ko‘rsatayotgan “Surxon” estrada ansambli hamda “Sirdaryo navolari” ashula va raqs ansambli o‘z dasturlari bilan ishtirok etadi.