O‘tgan “qora juma”da amerikaliklar do‘konlarda 10.5 mlrd dollar sarfladi

Iqtisodiyot 09:35 / 29.11.2015 6045

AQShda boshlangan eng yirik Yangi yil oldi chegirmalari kuni – o‘tgan “qora juma”da mamlakat fuqarolari 10.5 mlrd dollarlik xaridlarni amalga oshirishdi. Bu haqda ShopperTrak tadqiqot xizmati tarqatgan ma'lumotlarda aytildi.
Onlayn-xaridlarni o‘z ichiga olmaydigan savdo hajmi mutaxassislar taxmin qilganidan 1.6 mlrd dollarga ko‘proq bo‘lganiga qaramay, u o‘tgan yil ko‘rsatkichlaridan 10 foizga kamroq bo‘ldi. O‘shanda AQSh aholisi noyabrning oxirgi juma kuni do‘konlarda 11.6 mlrd dollar qoldirishgan edi. Mutaxassislarning fikricha, bu tushish odamlar borgan sayin ko‘proq onlayn xizmatlar orqali xaridlarni amalga oshirayotgani bilan tushuntiriladi. Internetda do‘konlardagidan ko‘ra manfaatliroq takliflar ko‘proq uchraydi.
Shu tariqa, onlayn-do‘konlarda “qora juma” kuni amalga oshirilgan xaridlar o‘tgan yilgiga nisbatan 14.3 foizga oshib, 2.7 mlrd dollarni tashkil qildi. Xaridlarning 40 foizi onlayn-do‘konlarga to‘g‘ri keldi.
Yangi yil oldi xaridlari mavsumi AQShda an'anaviy ravishda noyabr oyining oxirgi payshanbasida nishonlanadigan Shukrona kunining ertasiga boshlanadi. Aynan shu mavsumning birinchi kuni mahsulotlar eng past narxlarda sotiladi. Macy's, Target, Kohl's, J.C. Penney, Sears singari eng yirik tarmoq do‘konlar jumani kutmay, payshanba kuniyoq chegirmalar e'lon qildi. Odamlar do‘konlar ochilishidan bir necha soat oldin ularning eshigi oldida to‘planib, navbatlarni hosil qilishadi.

Ko‘proq yangiliklar: