«Tolibon» OAVda tirik mavjudotlar tasvirini taqiqlashga va’da berdi

Jahon 21:04 / 14.10.2024 5893

Afg‘onistondagi «Tolibon» harakatining Axloq vazirligi OAVga tirik mavjudotlar tasvirini e’lon qilishni taqiqlovchi qonun loyihasini ishga tushirishga va’da berdi, deb yozadi France 24.

«Qonun butun Afg‘oniston hududiga taalluqli va u bosqichma-bosqich joriy etiladi», — deydi Ezgulikni targ‘ib qilish va illatlarning oldini olish vazirligi vakili Sayful Islom Xayber.

Yangi qonun ommaviy axborot vositalari uchun bir qancha qoidalarni batafsil bayon qiladi, jumladan, barcha tirik mavjudotlar tasvirini chop etish, shuningdek, OAVga islomni masxara qilish, kamsitish yoki islom qonunlariga qarshi borish taqiqlanadi.

Yangi qonunning ayrim jihatlari, xususan, keng jamoatchilikka telefonlar va boshqa qurilmalarda tirik mavjudotlarni tasvirga olmaslik yoki ularni tomosha qilmaslik kabi talablarga qat’iy rioya etilmayapti. «Tolibon» amaldorlari muntazam ravishda ijtimoiy tarmoqlar orqali insonlarning suratlarini e’lon qilib kelmoqda. AFPga ko‘ra, hukumat yangi qonun e’lon qilinganidan keyin ham afg‘on jurnalistlari o‘z faoliyatini davom ettirishlari mumkinligi haqida xabardor qilingan.

Avvalroq «Tolibon» hukumati vakillari O‘zbekistondan «Termiz» chegara bozorida konsert va musiqa dasturlarini bekor qilishni so‘ragan edi. Aks holda Afg‘oniston fuqarolari umumiy bozorga kiritilmasligi aytilgan. Ta’kidlanishicha, «Tolibon» va O‘zbekiston vakillari bu borada rasman hech qanday ma’lumot bermagan. O‘zbekiston «Tolibon»ning bu talabini bajarishi yoki yo‘qligi ham noma’lum.

Ko‘proq yangiliklar: