30 yoshga qadar hech narsaga erishmagan mashhur tadbirkorlar

Iqtisodiyot 18:55 / 26.11.2015 19910

“The Hustle” nashri o‘z bizneslarini 30 yoshdan keyin boshlagan 10 nafar mashhur tadbirkor ro‘yxatini tuzdi. Ular 30 yoshga qadar aytarli muvaffaqiyatga erishishmagan.

Jyek Dorsi, “Twitter” hammuassisi

 

“Twitter” ijtimoiy tarmog‘iga asos solgan paytida Jyek Dorsi 30 yoshga to‘lgandi. Dorsining dastlabki biznesi — 2006 yilda tashkil qilingan taksi, kurerlar va avariya xizmatlari boshqaruvi kompaniyasi inqirozga uchragandi. Bungacha esa bo‘lajak milliarder Nyu-Yorkdagi dispetcherlik xizmatida dasturchi bo‘lib ishlagan.

Tim Vestergren, “Pandora” asoschisi

 

Vestergren “Pandora”ni 35 yoshga kirganida tashkil etgan. Avvaliga kompaniya dasturiy ta'minot savdosi bilan shug‘ullangan. Loyiha ishga tushganidan keyingi ikki yil davomida, deb yozadi “The Hustle”, Vestergrenning o‘z xodimlariga maosh to‘lash imkoniyati bo‘lmagan. Kompaniya o‘z yo‘nalishini o‘zgartirgan va xususiy musiqiy servisini ishga tushirgach, vaziyat o‘zgargan.

“Pandora”ga asos solishdan oldin Tim Vestergren o‘zini bastakor, artist va enaga sifatida sinab ko‘rgan.

Yan Kum, “WhatsApp” asoschisi

 

Kum dunyodagi eng ommabop messenjerlardan birini ishga tushirganida 33 yoshda edi. “The Hustle”ning e'tirof etishicha, o‘z kompaniyasiga asos solguniga qadar bo‘lajak tadbirkor to‘qqiz yil “Yahoo”da ishlagan, shuningdek, “Facebook”ga ishga kirmoqchi bo‘lgan, lekin kompaniya uni ishga qabul qilmagan. 

Jyek Ma, “Alibaba” asoschisi

 

Xitoydagi eng yirik IT-xoldinglardan birining asoschisi, deb yozadi “The Hustle”, kompyuterdan ilk bor 30 yoshga kirganida foydalangan. Maning aytishicha, u kollejga kirish imtihonlaridan uch marta yiqilgan, o‘qishni bitirganidan keyin esa 30dan ortiq kompaniya va muassasalar uni ishga qabul qilmagan.

O‘zining birinchi IT-kompaniyasini Jyek Ma 31 yoshida tashkil etgan. Uch yil davomida uning boshqaruvi ostidagi kompaniya 800 ming dollardan ortiq pul ishlagan. 35 yoshida esa Ma “Alibaba”ga jahonning eng yirik kompaniyalaridan biriga asos solgan. 

Ben Gorovits, “LoudCloud” hammuassisi

 

Universitetni bitirganidan keyin bo‘lajak investor Ben Gorovits tinimsiz ravishda ish joyini almashtirgan, nihoyat “Netscape” korporatsiyasida qo‘nim topgan, deb yozadi “The Hustle”. Gorovits kompaniyada mahsulotlar bo‘yicha menejar lavozimini egallagan.

“Netscape”da u IT-korporatsiya hammuassisi Mark Andrissen bilan tanishib qolgan. Ular birgalikda “LoudCloud” kompaniyasiga asos solishgan. Ben Gorovits o‘sha paytda 33 yoshda edi. Kompaniya bir necha marta moliyaviy muammolarga duch kelgan, oxir-oqibat Gorovits 41 yoshga to‘lganida 1,6 milliard dollarga sotib olingan. 

Sem Uolton, “Walmart” asoschisi

 

44 yoshida “Walmart”ga asos solguniga qadar Sem Uolton bir nechta magazinlarni boshqargan — lekin uning ishi shunchalik yomon ediki, Uolton hatto xodimlariga maosh to‘lagani ham qiynalgan. 

Piter Til, “PayPal” hammuassisi

 

Dunyodagi eng yirik to‘lov tizimlaridan birining hammuassisi Piter Til Stenfordning yuridik fakultetini tamomlagan va bir necha yil davomida yuridik firmalarda ishlagan. 31 yoshida esa Til Maks Levchin bilan “PayPal”ga asos solgan. Oradan to‘rt yil o‘tgach, kompaniyani “eBay” korporatsiyasi 1,5 milliard dollarga sotib olgan. Kompaniyani sotganidan so‘ng Piter Tilga50 million dollarga yaqin pul tekkan. 

Rid Xastings, “Pure Software” va “Netflix” asoschisi

 

Rid Xastingsning dastlabki muvaffaqiyatli biznesi dasturiy ta'minotlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi “Pure Software” kompaniyasi bo‘lgan. Tadbirkor kompaniyani 31 yoshida tashkil etgandi. Oradan olti yil o‘tgach, “Pure Software”ni “Rational Software” korporatsiyasi 750 million dollarga sotib olgan, Xastings esa sotuvdan tushgan mablag‘ni “Netflix” TV-servisini tashkil etishga sarflagan. 

Genri Ford, “Ford” asoschisi

 

40 yoshida AQShdagi eng yirik avtomobil kompaniyalaridan birini ishga tushirishidan avval Genri Ford o‘zining ikkita loyihasini yurgizgan — lekin har ikki loyiha inqirozga uchragan. “The Hustle”ning ta'kidlashicha, Fordning muvaffaqiyatsizliklari uning o‘ta talabchanligi bilan bog‘liq: u har bir mayda-chuydaning mukammal bo‘lishini talab qilgani bois buyurtmani tayyorlash muddatidan kechikib ketgan.

“Ford” investorlari undan Jyeyms Kouzenni o‘ziga yordamchi qilib olishni talab qilishgan. Aynan Kouzen Fordga «nomukammal» avtomobilni ishlab chiqarish uchun qaror qabul qilishiga yordam bergan. 

Mark Kyuban, “MicroSolutions” asoschisi

 

Mark Kyuban — taniqli IT-tadbirkor va investor. Universitetni bitirgach, Kyuban Dallasga ko‘chib ketgan va barmen bo‘lib ish boshlagan. Bir oz vaqtdan so‘ng u yiliga 18 ming dollar maosh breuvchi kompyuter savdosi bilan shug‘ullanadigan kompaniyaga ishga o‘tgan, biroq tez orada uni ishdan bo‘shatishgan.

Mark Kyuban 25 yoshida “MicroSolutions” konsalting IT-kompaniyasiga asos solgan va 32 yoshga to‘lganida kompaniyani 6 million dollarga sotgan.

Ko‘proq yangiliklar: