Turkiya kompaniyasi Surxondaryoda 225 mln dollarga yangi sement zavodi quradi

Iqtisodiyot 11:19 / 10.11.2015 7677

Turkiyaning Dal Engineering Group korxonasi Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida yangi sement zavodi quradi. Bu haqda korxona vakiliga asoslangan holda "Sputnik" nashri xabar qilgan.

Manbaning so‘zlariga ko‘ra, 6 noyabr kuni, Toshkentda bo‘lib o‘tgan Xalqaro investitsiya forumida Dal Engineering Group va Olmaliq tog‘-metallurgiya kombinati sement zavodi qurish haqida memorandum imzolagan.

Yangi zavodning taxminiy narxi 225 mln dollarni tashkil qiladi. Ushbu mablag‘ning 90 mln dollarlik qismini O‘zbekiston rekonstruksiya va taraqqiyot fondi ajratadi, 24,4 mln dollarlik qismini Olmaliq tog‘-metallurgiya kombinati beradi. Yana 110 mln dollar mablag‘ni mamlakatdagi tijorat banklaridan kredit sifatida jalb qilish rejalashtirilgan.

2018 yilda ishga tushirilganidan keyin, zavod yiliga 1,5 mln tonnagacha portlandsement ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladi.

Bu sement ishlab chiqarish bo‘yicha Turkiyaning O‘zbekistondagi birinchi yirik loyhasi emas. 2014 yilning mart oyida Dal teknik makina tigaret ve sanayi A.S kontsortsiumining a'zolaridan biri Jizzax viloyatining Zafarobod tumanida sement zavodini ishga tushirgandi. Loyihaning umumiy narxi 114 mln dollardan oshadi.

Hozirda ushbu zavodda kengaytirish ishlari olib borilmoqda. Tsement ishlab chiqarish liniyasi yiliga 760 ming tonnadan 1 mln tonnagacha yetkizish ko‘zda tutilgan. Texnologik liniyani kengaytirish 2016 yilning sentabrida tugatilishi nazarda tutilgan. Kengaytirish narxi 35,8 mln dollarni tashkil qiladi.

Mahsulot narxini arzonlashtirish maqsadida Jizzax viloyatidagi "Timiryazevskoye II" ganch konini o‘zlashtirish ko‘zda tutilgan. Hozirgi kunda zavodga ganch Buxorodan temir yo‘l orqali olib kelinadi. Konning aniqlangan zaxirasi 1,1 mln tonnani tashkil qiladi.

Bundan avvalroq, 2015-2017 yillarda Surxondaryo viloyatida umumiy qiymati 21.6 mln dollarni tashkil qiluvchi 47ta loyiha amalga oshirilishi, bu loyihalardan eng asosiysi Surxondaryoda quriladigan sement zavodi bo‘lishi haqida xabar qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: