Qayd etilishicha, sudning keyingi yig‘ilishi Londonda bo‘lib o‘tadi va u yerda GRU sobiq polkovnigi Sergey Skripal va uning qizi Yuliyaga uyushtirilgan suiqasd bilan bog‘liq holat tafsilotlari tinglanadi. Yakuniy hisobot 2025 yilda e’lon qilinadi.
2018 yil 4 mart kuni Sergey Skripal va uning qizi Yuliya Skripal Solsberidagi xiyobonda behush holda topilgan. Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, ular insonni falajlashtiruvchi «Novichok» moddasi bilan zaharlangan. Britaniya bu ishda Rossiyani ayblaydi. Ayblovga ko‘ra, jinoyatni aslida GRU razvedkachilari qilgan, lekin Britaniya hududiga Aleksandr Petrov (aslida ofitser Aleksandr Mishkin) va Ruslan Bashirov (aslida polkovnik Anatoliy Chepiga) ismi bilan kirgan odamlar sodir etgan.
O‘sha yilning 27 iyunida Solsberida yashovchi Charli Rouli xayriya ehsonlari uchun mo‘ljallangan qutidan Nina Recci brendidagi atir flakonini topib oladi va uni 44 yoshli Don Styorjyessga sovg‘a qiladi. Ayol esa flakondagi suyuqlikni terisiga sepadi va ko‘p o‘tmay hushini yo‘qotadi. 8 iyul kuni Styorjyess zaharlanishdan vafot etadi. Charli Rouli ham zaharlanganiga qaramay, omon qoladi.
Buyuk Britaniya hukumati ushbu voqealarda Rossiya hukumatini ayblab, mamlakatning maxsus xizmat xodimlari zaharlashni amalga oshirganini bildirgan edi.
Eslatib o‘tamiz, 2020 yilda rossiyalik muxolif siyosatchi Aleksey Navalniy ham «Novichok» guruhiga kiruvchi modda bilan zaharlangan edi. U Germaniyada davolanib, 2021 yilda Rossiyaga qaytganida hibsga olingandi. Oxir-oqibat Navalniy 2024 yil 16 fevral kuni qamoqxonada vafot etdi.
BBC’ga ko‘ra, «Novichok» SSSRda Organik kimyo va texnologiya davlat ittifoq ilmiy-tadqiqot institutida yaratilgan. Ushbu zaharli moddalarni ishlab chiqish dasturi «Foliant» deb nomlangan. Rossiya tomoni Skripallarni zaharlagan moddaning aynan AQShda ishlab chiqarilganini e’lon qilgan. Keyinchalik ushbu modda Chexiyada ham ishlab chiqilgani ma’lum bo‘lgandi.