Ilhom Aliyevning bayonoti Belgiya elchisi Jyulen de Frepo bilan uchrashuvda yangragan. «Davlat rahbari tinchlik bitimining barcha bandlari bir xil ma’noga ega, birini boshqasidan ajratib bo‘lmasligini ta’kidladi. Shu boisdan prezident Ilhom Aliyev Armaniston hukumatining taklifini g‘alati va mutlaqo haqiqatdan yiroq deb atadi», — deyiladi xabarda.
Elchi bilan uchrashuvda Ilhom Aliyev, shuningdek, Yevropa Ittifoqi Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasidagi bahsni tartibga solish jarayonida neytral pozitsiyani saqlab qolishi kerakligini bildirgan. Uning qo‘shimcha qilishicha, chegaradagi «Yevropa kuzatuvchilari missiyasi» mandatining uzaytirilishi Boku tomonidan ishonchsizlikka sabab bo‘lgan.
10 sentabr kuni Nikol Pashinyan Yerevan Ozarboyjon bilan tinchlik o‘rnatish bo‘yicha bitimning 16 ta bandidan 13 tasini «imkon qadar tezroq» imzolanishiga tayyor ekanini ma’lum qilgandi.
Ozarboyjon tinchlik bitimi doirasida Armaniston o‘z Konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritishini talab qilmoqda. Unda Armaniston Oliy kengashi 1990 yil 23 avgustda qabul qilgan mamlakat mustaqilligi deklaratsiyasiga havola bor. Ushbu deklaratsiya boshida o‘z navbatida, Armaniston SSR va Tog‘li Qorabog‘ning 1989 yildagi «Birlashuv to‘g‘risida»gi qo‘shma rezolyutsiyasiga havola keltirilgan. O‘z navbatida Armaniston Boku bilan tinchlikka erishish uchun Konstitutsiyasini o‘zgartirishga tayyor.