Sprint operatori 2,5 mlrd dollar tejash maqsadida o‘z xodimlarini bepul suv va yogurtdan mahrum qildi

Iqtisodiyot 21:14 / 02.11.2015 2480

AQShning Sprint telekommunikatsion kompaniyasi xarajatlarni qisqartirish va 2,5 mlrd dollar tejash maqsadida o‘z xodimlarini bepul suv, snek va yogurtdan mahrum qildi. Kompaniya bosh direktori Marselo Klaurening o‘z xodimlariga bu haqdagi murojaati Wall Street Journal nashri ixtiyoriga kelib tushdi. 

2015 yilning boshida kompaniya xodimlari yaxshiroq bepul yegulik bilan ta'minlangan edilar. Bu kompaniyaga yiliga bor-yo‘g‘i 600 ming dollarga aylanishi taxmin qilinmoqda edi. Biroq kompaniyada moliyaviy direktor operatsion xarajatlarni 2,5 mlrd dollarga qisqartirish zarurligini aytgandan keyin har bir dollarni tejashga qaror qilindi.

Bundan tashqari, kompaniya rahbari direktorlar uchun ham tejamkorlik choralarini kiritdi: endi ular safarlarda limuzinlarga buyurtma bera olishmaydi. Endi top-menejyerlar faqatgina taksi yoki Uber taksi xizmatidan foydalana olishadi.

Biroq xodimlar yogurt va suvdan mahrum bo‘lganlaridan ham yomonrog‘i ular sug‘urtadagi ba'zi bandlardan ham mahrum etildilar. Shuningdek, xodimlar ishdan bo‘shatilganda ularga beriladigan tovon puli ham kamaytirildi. Ehtimol, kompaniyaning keyingi qadami xodimlar sonini qisqartirishdan iborat bo‘lsa kerak, deb ta'kidlamoqda nashr.

Nashrning ma'lumotlariga ko‘ra, Sprint’ning xarajatlari o‘zining asosiy raqobatchilari T-Mobile, Verizon va AT&T’nikidan “bir necha punktga ko‘proqni” tashkil qiladi.

Ko‘proq yangiliklar: