Nega Tramp Ukraina va Grenlandiya hududiga ko‘z olaytiryapti?
Tramp hukumati Ukrainani nodir metallar bo‘yicha shartnoma imzolashga undayapti. Bu Xitoy bilan texnologik gegemonlik poygasida muvozanatni tiklash uchun radikal urinishlardan biridir. Reja qanchalik darajada ish beradi?

Oxirgi haftalarda rasmiy Vashington va Kiyev o‘rtasida Ukraina hududida kritik minerallar qazib olish bo‘yicha imtiyozlar beruvchi kelishuv matni siyosiy munozaralar markazida bo‘ldi. Kritik minerallar yashil energetika tizimlari, yarimo‘tkazgichlar, batareyalar va mudofaa qurilmalari ishlab chiqarish uchun muhim xomashyodir. Ushbu sanoatda Xitoy yetakchi hisoblanib, alyuminiy, litiy va kobalt ishlab chiqarishning yarmidan ko‘piga, nodir metallarining 90 foiz va tabiiy grafitning 100 foiz qismlariga egalik qiladi. Shuningdek, Chili, Indoneziya, Rossiya, Kongo Demokratik Respublikasi va Argentina ham kritik minerallar sanoatida muhim rol o‘ynaydi.
Donald Tramning Ukrainani nodir metallar bo‘yicha shartnoma imzolashga undashi esa taktik xususiyatga ega bo‘lib, jamoatchilikni Amerika kritik minerallar xavfsizligiga e’tibor qaratayotganiga ma’lum vaqt ishontirish uchun xizmat qiladi. Aslida bu Bayden davrida boshlangan Xitoyni texnologik tiyib turish siyosatining muvaffaqiyatsizligini ham o‘zida aks ettiradi.
Xitoyning G‘arbga qarshi kritik minerallar urushi
2023 yilning may oyida AQSh Yevropa bilan hamkorlikda Xitoyning texnologik salohiyatini cheklash maqsadida cheklovlar kiritdi. Bunga javoban Xitoy milliy xavfsizlik uchun nodo‘stona davlatlarga galiy va germaniy eksportiga cheklovlar joriy qildi. Yarim o‘tkazgichlar, 5G stansiyalar va quyosh panellari ishlab chiqarish uchun muhim bo‘lgan ushbu kritik minerallarga cheklov kiritilishiga asosiy sabablardan biri Niderlandiyaning yuqori darajadagi yarimo‘tkazgich ishlab chiqarishga yordam beradigan texnologiyalar eksportini cheklagani bo‘ldi. Oradan bir yil o‘tib, 2024 yil avgustda Xitoy infraqizil nurli raketalar, yadro qurollari, tungi ko‘rish vositalari kabi harbiy uskunalarda ishlatiladigan antimonit (surma) moddasi eksportini ham taqiqladi. Xitoyning ushbu moddani dunyo bo‘yicha qazib olish ulushi 48 foizni tashkil etishini hisobga olganda, bu taqiqlar AQSh va uning ittifoqchilari uchun og‘riqli edi.
Sobiq AQSh prezidenti Bayden administratsiyasi 2024 yil 2 dekabrda Xitoyga yuqori darajadagi chiplar va chip tayyorlovchi texnologiyalar yetkazib berishga cheklov kiritdi. Bunga javob tariqasida 3 dekabr kuni Xitoy galiy, germaniy va antimonit minerallarini AQShga eksport qilish bo‘yicha mavjud cheklovlarni kuchaytirdi. 22 dekabr kuni Xitoy nodir metallar tayyorlovchi texnologiyalar yetkazib berishga ham taqiq kiritdi. Bu taqiq Xitoyning avvalroq joriy etilgan nodir metallar qazib oluvchi va ajratuvchi texnologiyalar yetkazib berishdagi chekloviga qo‘shimcha bo‘ldi. Va nihoyat, 2025 yil fevral oyida Xitoy volfram, tellur, molibden, vismut va indiy yetkazib berish borasida ham nazorat o‘rnatdi.
Kritik minerallarning AQSh uchun ahamiyati
Xitoyning harakatlari AQShning strategik kamchiligini ochib berdi. Qo‘shma Shtatlar Pekinning kritik minerallar va nodir metallariga xuddi Xitoy AQShning yuqori texnologiyalariga qaram bo‘lgani kabi bog‘liqligini ko‘rsatib berdi.
Birinchidan, kritik minerallar va nodir metallarga bog‘liqlik rivojlangan harbiy texnologiyalarni ishlab chiqarish va yangilari ustida tadqiqot olib borishni AQShda Xitoydagiga qaraganda qimmatroq qiladi. Natijada zamonaviy qurollar poygasida Xitoyning imkoniyatlari yuqori o‘ringa chiqadi. Bugungi kunda harbiy harakatlarning eng muhim vositasiga aylangan dronlarni misol tariqasida oladigan bo‘lsak, mazkur uskunalarning parvoz qilish davomiyligini oshirish va batareyalarini takomillashtirishda kritik minerallar va nodir metallar muhim o‘rin tutadi. Batareyalar sohasida ortda qolish AQShga masofadan boshqariladigan texnologiyalar borasida ham Xitoy bilan raqobatlashishni murakkablashtiradi. Chunki strategik aloqani ta’minlash uchun ma’lum masofalarda joylashtirilgan radar qurilmalarining samaradorligi batareyalarga bog‘liq.
Ikkinchidan, iqtisodiy raqobat va biznes manfaatlar to‘qnashuvida ham Xitoy AQShga qaraganda yaxshiroq holatda bo‘ladi. Masalan, elektr mashinalar sanoatida BYD Trampning yaqin hamkori Ilon Maskka tegishli Tesla’ga jiddiy raqib sanaladi. 2024 yilda BYD elektr mashinalar bozorining qariyb to‘rtdan bir qismiga egalik qildi. Bu Tesla’ning bozordagi ulushidan deyarli 2,5 barobarga ko‘p. Ma’lumki, elektr mashinalar batareyalarini ishlab chiqarish kritik minerallar va nodir metallarga bog‘liq. Batareyalar bilan bir qatorda, Xitoy cheklovlar ro‘yxatida asosiy o‘rinlarni egallagan galiy va germaniy minerallari yarimo‘tkazgichlar sanoatida muhim tarkibiy qism hisoblanadi. Yarimo‘tkazgichlar esa o‘z navbatida sun’iy intellekt tizimlari samaradorligini ta’minlab beradi. Bu Xitoy mikroelektronika sohasida AQShga bog‘liq bo‘lganidek, AQSh ham Xitoyning xomashyolarisiz murakkab vaziyatda qolish ehtimoli borligini anglatadi.
Bayden ma’muriyatining harakatlari
AQSh Bayden davrida kritik minerallar va nodir metallar sanoatini shakllantirishga urinib ko‘rgan. Misol uchun, 2020-2022 yillar Bayden administratsiyasi MP Materials’ga noyob metallar ajratib olish va magnitlar ishlab chiqarishgacha bo‘lgan jarayonni qurish uchun 44,6 million dollar hamda Lynes Rare Earths’ga noyob metallar ajratib olish imkoniyatlarini rivojlantirish uchun 150,4 million dollar ajratdi. Shu jumladan, Vashington yana bir qator choralarni ko‘rdi:
1. Mudofaa ishlab chiqarish to‘g‘risidagi qonunni (DPA) qo‘llash: EV batareyalari uchun litiy, nikel, kobalt, grafit va marganets qazib olish va qayta ishlash jarayonlarini tezlashtirishni nazarda tutadi;
2. Batareyalar ishlab chiqarishga mablag‘ ajratish. 25 ta loyiha uchun 14 ta shtatda batareya ishlab chiqarishni oshirish va xorijiy ta’minotga bog‘liqlikni kamaytirish maqsadida 3 milliard dollar ajratildi;
3. Ichki litiy qazib olish loyihalarini tasdiqlash. Nevadada joylashgan Ioneer litiy qazib olish loyihasini tasdiqlash, yiliga 370 ming elektromobil uchun litiy ishlab chiqarish;
4. Muhim minerallar zaxiralarini mustahkamlash. Xitoyning mineral ta’minoti bo‘yicha ustunligini kamaytirish maqsadida nikel va kobalt zaxiralarini yaratish rejasi;
5. Xitoy importiga tariflarni oshirish. Xitoydan olib kelinadigan quyosh panellari va litiy-ion batareyalariga bojxona tariflarini ikki va uch baravarga oshirish;
6. Infratuzilma investitsiyalari va ish joylari to‘g‘risidagi qonunni amalga oshirish. Nodir yer minerallarining zaxiralarini yaratish uchun 1 milliard dollar, qayta ishlash va utilizatsiya qilish uchun 3 milliard dollar ajratildi;
7. Amerika ta’minot zanjirlari bo‘yicha farmon chiqarish. Muhim minerallar ta’minot zanjirlaridagi zaif tomonlarni aniqlash uchun 100 kunlik tahlil o‘tkazish;
8. Nodir yer elementlarini ajratish uchun grantlar berish. Ko‘mir kulidan va shaxta chiqindilaridan nodir yer elementlarini qazib olish bo‘yicha tadqiqotlar uchun universitetlarga 16 million dollar ajratish;
9. Muhim minerallar bo‘yicha loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni ko‘rib chiqish. Amerikada muhim minerallar qazib olish loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun minimal narxlar belgilash va boshqa moliyaviy yordam mexanizmlarini ko‘rib chiqish.
Trampning rejasi ish beradimi?
Bayden administratsiyasi amalga oshirgan yuqoridagi harakatlar strategik ahamiyatga ega bo‘lsa-da, AQShga raqobatbardosh kritik minerallar va nodir metallar sanoatini yo‘lga qo‘yish uchun yetarli emas edi. Donald Tramp esa Jo Baydendan farqli ravishda kritik minerallar sohasiga ham boshqa yo‘nalishlarda bo‘lgani kabi radikal va taktik uslubda yondashishni tanladi. Masalan, Tramp tomonidan taklif etilgan G‘azo aholisini ko‘chirish haqidagi fikr ancha keskin bo‘lishiga qaramasdan, Yaqin Sharqdagi Isroil bilan bog‘liq muammo hal qilmaydi. Bu taklif bilan Tramp faqatgina Netanyahu koalitsiyasidan Smotrich boshchiligidagi o‘ta o‘ng kuchlar chiqib ketishini to‘xtatib turadi va Netanyahuga hukumatda qolishga yordam beradi. Shu orqali joriy hukumatning umri qisman uzayishiga ko‘maklashiladi.
Kritik minerallar borasidagi Donald Trampning Ukraina bilan imzolamoqchi bo‘layotgan shartnomasi ham, Grenlandiyani anneksiya qilish rejasi ham radikal va taktik xarakterga ega bo‘lib, Xitoy bilan raqobatda AQSh ustunligini ta’minlamasligi mumkin.
Birinchidan, Xitoy kritik minerallar qazib olishdan tashqari ularni ishlab chiqaruvchi mashinalar borasida ham AQShga qaraganda sezilarli ustunlikka ega. Xuddi Xitoy litografiya texnologiyasi borasida AQShga yetib olishi kerak bo‘lgani kabi AQSh ham kritik minerallar ishlab chiqaruvchi texnologiyalar sanoatida Xitoyga yetib olishi kerak. Biroq Ukraina va Grenlandiyagi kritik mineral zaxiralarini nazorat qilish ishlab chiqarish texnologiyalari bilan bog‘liq muammoni hal qilmaydi. Masalan, dengiz va okeanlar tubi minerallar qazib olish uchun huquqiy jihatdan neytral hududlar bo‘lib, u yerlardan barcha davlatlar foydalanishi mumkin. Biroq Qo‘shma Shtatlarda bu kabi amaliyotlarni bajarish uchun ayni paytda yetarli texnik va texnologik potensial yo‘q. Ukraina va Grenlandiya mineral resurslarini talab qilayotgan AQShning muammosi mineral zaxiralariga ega hududlarning yo‘qligida emas, balki ularni qazib oladigan raqobatdosh texnika va texnologiyalar yetishmasligida.
Ikkinchidan, AQShdagi faol jamoatchilik tabiatga zararli bo‘lgan qazib olish amaliyotlariga Xitoy yoki boshqa rivojlanayotgan mamlakatlar jamoatchiligiga qaraganda kuchliroq qarshilik ko‘rsatishi mumkin. Buning sababi yashil energetika tasavvur qilinganidek yashil emas. Shu sababli AQSh o‘z hududiga bu sanoatni olib kirishda qiyinchiliklarga duch keladi. Biroq shuni unutmaslik kerakki, Grenlandiya va Ukrainada ham jamoatchilik fikri shakllangan bo‘lib, ekologik ekspansiya AQSh qazib oluvchi kompaniyalari faoliyatiga qarshi noroziliklarga sabab bo‘lishi va sanoatning samaradorligini qisqartirib yuborishi mumkin.
Va nihoyat, Grenlandiya va Ukraina hududida mineral resurslarni qazib olish jarayoni boshlangan taqdirda ham, qazib olish amaliyotini muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘ya oladigan AQSh kompaniyalari ma’lum emas. Bunga sabab kompaniyalar oldida arzon va malakali ishchi kuchining ushbu sanoat sohasida yetishmasligi, Rossiyaning Ukraina hududida yangi hujum boshlash ehtimoli, Grenlandiyadagi ozodlik harakati xavfi, sanoat zanjiriga moslashib olgan Xitoy firmalari bilan raqobatbardoshlikni yo‘lga qo‘yish kabi bir qancha to‘siqlar mavjud. Allaqachon kritik minerallar sanoatida faoliyat yuritib kelayotgan Xitoy firmalari bilan raqobatlashish uchun Amerika kompaniyalari davlatdan ko‘plab imtiyoz va yordam olishi zarur bo‘ladi. O‘z navbatida bu yordamlar zanjiri federal budjetga va liberal bozor qoidalariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shuningdek, 2026 yilgi Kongressga saylovda demokratlarning g‘alabasi Donald Trampning keskin yondashuvini to‘xtatishi mumkin. Bunday holatda Amerika kompaniyalariga kritik minerallar sohasida uzoq muddatli rejalar tuzish xavfliligicha qoladi. Natijada milliy kritik minerallar va nodir metallar sanoati AQShdagi mahalliy kompaniyalar uchun jozibador biznesga aylanish ehtimolini kamaytiryapti.
AQShning kritik minerallar va nodir metallar bo‘yicha siyosati borasida kutilmalar
Qo‘shma Shtatlar o‘zining kritik minerallar va nodir metallar sanoatidagi muammolarini hal qilish uchun quyidagi yo‘nalishlarda siyosat yuritishi mumkin.
Agressiv ekspansiya. Ayni AQSh prezidenti Donald Tramp tashqi siyosatida namoyon bo‘layotgan bu xarakter Qo‘shma Shtatlarni bevosita yoki amerikaparast kuchlar yordamida mineral zaxiralarni nazoratga olishga undaydi. AQShning bevosita ishtiroki esa amaldagi dunyo tartibotini xavf ostiga soladi va XIX asr kolonial yondashuvlarni qayta siyosat maydoniga olib keladi. Amerika biznes elitasidagi minerallarga ehtiyojni qondirish istagi siyosiy elitaga va undan tashviqotlar orqali Amerika xalqiga o‘tishi mumkin. Bu esa liberal va demokratik qatlam hamda kolonialistik qarashlar tarafdorlari o‘rtasida ichki siyosatda keskin bo‘linishga sabab bo‘ladi. Boshqa tarafdan esa ekspansion siyosat amerikaparast kuchlar yordamida amalga oshirilishi mumkin. Bu XX asrdagi neft urushlariga o‘xshaydi. Natijada siyosiy va harbiy nizolarning Yaqin Sharqdan boshqa markazlari paydo bo‘ladi. Bular Janubi-Sharqiy Osiyo va Afrika mintaqalari bo‘lish ehtimoli bor.
Rossiya bilan yaqinlashish. Rossiya texnologik imkoniyatlarning sanksiyalar tufayli cheklangani va savdo taqiqlari sababli o‘z resurslaridan to‘liq foydalana olmaydi. Vashington esa har ikkala muammoni hal qila oladigan imkoniyatga ega. Oq uyning Rossiya bilan munosabatlarni iliqlashtirishi AQSh sanoatidagi mineral resurslar bilan bog‘liq muammoni yumshatishi mumkin. Bu yo‘l bilan Vashington faqatgina minerallar sanoatida yangi ta’minot yo‘nalishini ochibgina qolmasdan, Rossiya va Xitoyni o‘zaro raqobatchiga ham aylantiradi. Boshqa tarafdan esa AQShning tashqi ta’minotga bog‘liqligi saqlanib qoladi. Bu xuddi XXI asr boshidagi Yevropa davlatlarining Rossiyadan energiya resurslari sotib olishiga o‘xshaydi. Bu chora Moskva o‘zining siyosiy ambitsiyalarini namoyish etgunga qadar qisqa muddat samara berishi mumkin.
Savdo urushlarini to‘xtatish. Savdo urushlarini to‘xtatish uchun Vashington texnologiyalar sohasidagi tub muammolarga murojaat qilishi kerak. 1991 yildan keyin yagona tartibot ostida o‘sib kelayotgan Amerika texnologiya kompaniyalari chamasi chorak asr vaqt o‘tgandan keyin shakllangan ko‘p qutbli dunyo qoidalariga moslasha olmayapti. Avvallari Vashington aytgan qoidalar hukm surgan dunyoda endilikda har bir davlat texnologiyalar bozori va kiberolam uchun o‘z ichki qoidalarini joriy etmoqda. Bu sharoitda faqatgina ixtirochilikning o‘zi yetmaydi. Amerika kompaniyalari diplomatiya va narx-navo borasida ham raqobat qilishlariga to‘g‘ri kelmoqda. Natijada qimmat ishchi kuchi va faol geosiyosiy mavqega ega bo‘lgan AQShga ushbu xususiyatlar aks ta’sir ko‘rsata boshladi. Nisbatan mo‘’tadil tashqi siyosat va arzon ishchi kuchi Xitoyga ustunlik bermoqda. Texnologiya kompaniyalari uchun raqobatdosh ichki muhit va qulay tashqi siyosat taqdim etolmagan AQSh siyosiy elitasi oxir-oqibat ochiqchasiga chet davlatlar bilan savdo urushiga kirishdi. AQSh sanksiyalariga javoban joriy etilgan cheklovlar esa minerallar sanoatini ham chetlab o‘tmadi. Shu bilan bir qatorda, yana bir narsa namoyon bo‘lyapti. Asosan sovuq urushdan keyin o‘sgan Amerika texnologiya kompaniyalarida xalqaro raqobatchilar bilan raqobat qilishga xohish ham, jur’at ham yetishmayapti. Oqibatda hukumat kompaniyalarga yordam berish uchun turli bojlar va sanksiyalar e’lon qilishga majbur. Savdo urushlarini to‘xtatish uchun – kamida texnologiyalar sohasida – Vashington samarador ichki islohotlar o‘tkazishi muhim. Aks holda qutblanish avj olib borishi va ekpansion kayfiyatning kuchayish ehtimoli yuqoriligicha qoladi.
Shahboz Jo‘rayev, mustaqil tadqiqotchi
Mavzuga oid

21:50 / 31.03.2025
Xitoy, Yaponiya va Janubiy Koreya AQSh bojlariga qo‘shma javob tayyorlamoqda

20:11 / 31.03.2025
Muzokaralarda siljish bo‘lmayotgani Trampni g‘azablantirmoqda

18:15 / 31.03.2025
Tramp Finlandiyadan muzyorar kemalar sotib olmoqchi

17:11 / 31.03.2025